English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Sirdaryodagi mehnat yarmarkasi yoshlarga nima berdi?
15:09 / 2021-02-08

Sirdaryo tumanidagi “Peng-Sheng” O‘zbekiston – Xitoy qo‘shma korxonasiga qarashli “Do‘stlik” bog‘ida “Bo‘sh ish o‘rinlari va vakant lavozimlar yarmarkasi” o‘tkazildi.

Yarmarka Sirdaryo viloyati hokimligi, prokuratura, ichki ishlar, davlat soliq boshqarmalari, bandlik bosh boshqarmasi, tijorat banklari, Yoshlar ishlari agentligi, Sirdaryo tumani sektorlar rahbarlari va boshqa mutasaddi tashkilot vakillari “Temir daftar”, “Yoshlar daftari” va “Ayollar daftari”ga kiritilgan ishsiz yoshlar bandligini ta’minlash va tadbirkorlikka jalb etish yuzasidan ish beruvchilar bilan hamkorlikda tashkil etildi.  

Yoshlarni qo‘llab-quvvatlash va aholi salomatligini mustahkamlash yili munosabati bilan o‘tkazilgan mazkur mehnat yarmarkasida 65 ta korxona va tashkilot o‘zlaridagi mavjud 1 ming 480 nafar bo‘sh ish o‘rni bilan ishtirok etdi.

– Ushbu “Bo‘sh ish o‘rinlari va vakant lavozimlari” yarmarkasini o‘tkazishdan ko‘zlangan maqsad – xo‘jalik, korxona, tashkilot va muassasalardagi bo‘sh ish o‘rinlari va xizmat lavozimlarini to‘ldirish, aholining ish bilan band bo‘lmagan qatlamini, jumladan, xotin-qizlar, o‘quv yurtlari bitiruvchilari, uyushmagan yoshlarni ish bilan ta’minlashdan iborat, – deydi viloyat bandlik bosh boshqarmasi boshlig‘i M.Muhammadiyev. 

– Tadbirda investitsiya dasturi doirasida amalga oshirilgan 15 ga yaqin sanoat mahsulotlarini ishlab chiqaruvchi, jumladan, “Sirdaryo mega lyuks”, “AVP”, “Baxtteksfarm”, “Vangda metall”, “Farm plast xolding” mas’uliyati cheklangan jamiyatlari va boshqa yirik, 5 ta ta’minotchi – baliqchilik, parrandachilik, asalarichilik, quyonchilik va naslli qoramolchilik korxonalari ham faol ishtirok etishdi.  

Ushbu tadbirda hunarmandchilik sohasida faoliyat yuritayotgan hunarmandlar tomonidan ishlab chiqarilgan mahsulotlar ko‘rgazmasi ham o‘tkazildi.

Viloyatdagi qurilish yo‘nalishidagi korxonalarda mavjud vakant ish o‘rinlari va qurilish sohasidagi korxonalarda mehnat muhofazasini ta’minlash, ishsiz yoshlarni kasb-hunarga o‘rgatish, ularda tadbirkorlik ko‘nikmalarini shakllantirish maqsadida tashkil etilgan kasb-hunar maktabining kasblar ko‘rgazmalari, chet davlatlarda ishlash istagini bildirgan yoshlar uchun “Tartibli va xavfsiz mehnat migratsiyasi” mavzusida alohida ko‘rgazma maydoni tashkil etildi.

Mazkur mehnat yarmarkasi sirdaryolik yoshlarga nima berdi?  

– Tadbirga 3 ming nafardan ortiq ish qidiruvchilar jalb qilingan bo‘lib, yakunda 395 nafar yoshning bandlik masalalar hal qilindi, – deydi M.Muhammadiyev. 

– Jumladan, “Temir daftar”, “Yoshlar daftari” va “Ayollar daftari”ga kiritilganlarning 30 nafari “1+1” loyihasi asosida, 100 nafariga esa yoshlarni tadbirkorlikka yo‘naltirish hisobiga tijorat banklarining imtiyozli kreditlari ajratish maqsadida sertifikatlar topshirildi. 30 nafar yosh qurilish ob’ektlariga va 15 nafari sanoat korxonalariga ishga joylashish uchun yo‘llanmalar oldi. “Har bir yoshga bir gektar” loyihasi asosida 30 nafar ish izlagan yoshga yer ajratilganligi to‘g‘risida Sirdaryo tumani hokimining tegishli farmoyishi asosida hujjatlar taqdim etildi. Ehtimol, bu raqamlar unchalik ahamiyatli emasdek, go‘yoki statistikadek ko‘rinishi mumkin. Ammo bitta bo‘lsa ham yurtdoshimizni ish bilan ta’minlash orqali oilalar farovonligi, iqtisodiy to‘kinlikka erishish asosiy maqsaddir.

Sirdaryo tumani aholi bandligiga ko‘maklashish markazi tomonidan mazkur yarmarka davomida 54 nafar ishsiz fuqaro hududda mavjud bo‘sh ish o‘rinlariga yo‘llanmalar olgan bo‘lsa, 36 nafar ishsiz haq to‘lanadigan jamoat ishlariga jalb qilindi, 50 nafar band bo‘lmaganlar kasb-hunar o‘quv markazlariga yuborildi, 100 nafar ishsiz tashkil qilingan 3 ta ishlab chiqarish kooperativ a’zoligiga qabul qilindi.

Bundan tashqari, tuman va shahar aholi bandligiga ko‘maklashish markazlari tomonidan tadbir davomida jami 651 nafar fuqaroga, jumladan, 56 nafar yoshga korxona va tashkilotlarga ishga joylashish uchun va 200 nafar yoshni kasb-hunarga o‘rgatish maqsadida kasb-hunar maktablariga yo‘llanmalar berildi. 55 nafar yoshga ishsizlik nafaqasi tayinlandi, 70 nafar yosh jamoat ishlariga jalb qilindi, 20 nafar yoshga issiqxona qurish uchun subsidiya mablag‘lari ajratildi. 250 nafar yosh esa qonuniy tartibda xorijiy davlatlarga chiqib mehnat qilish istagini bildirdi.

Shu bilan bir qatorda, 485 nafar ish qidiruvchiga mas’ul xodimlar tomonidan mehnat qonunchiligi, ish joyini o‘zgartirish, bo‘sh ish o‘rinlari va boshqa shu kabi masalalarda tegishli huquqiy maslahatlar berildi.

 

A.Qayumov, F.Toshmatov (surat), O‘zA