Русский
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Sirdaryodagi “Ma’naviyat kunlari” yosh ijodkorlarni rag‘batlantirishga xizmat qiladi
18:15 / 2021-02-03

Sirdaryo viloyati hokimligi tashabbusi bilan barcha tuman va shaharlarda yoshlarning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish maqsadida “Ma’naviyat kunlari” tashkil etilyapti.

Bu tadbirlar joriy yil 27 yanvar kuni Prezidentimiz rahbarligida o‘tkazilgan “Mamlakatimizda yoshlar bandligini ta’minlash va bo‘sh vaqtlarini mazmunli tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi kengaytirilgan videoselektor yig‘ilishida yuklatilgan topshiriqlar ijrosi doirasida o‘tkazilmoqda.

Mamlakatimizdagi taniqli yozuvchi, shoir, jurnalist, rassom, san’atkor va sportchilar viloyatning eng chekka hududi Sardoba tumani yoshlari bilan uchrashdi.

Jumladan, taniqli rassomlar, O‘zbekiston Badiiy akademiyasi a’zolari Anorqul Boybekov, Bahodir Bobonazarov kabi san’at ustalari bilan uchrashish maqsadida tumandagi barcha umumta’lim maktablarining iqtidorli o‘quvchilari, mahoratli ustozlarning ko‘magiga ehtiyoji baland bo‘lgan o‘ttizga yaqin yoshlar tumandagi 9-sonli bolalar musiqa va san’at maktabiga jamlandi.

Yosh musavvirlar ustozlar tomonidan o‘tilgan mahorat darslarida berilgan topshiriqlarni tez fursatda, bor iqtidor va qobliyatlarini ishga solib bajardi. Tanlangan mavzu bo‘yicha chizilgan rasmlarda chinakam yorqin kelajak aks etganligini ko‘rish mumkin. Bu esa Sardoba tumanida “Yosh musavvirlar” maktabini tashkil etishga asos bo‘ldi.

Viloyat madaniyat boshqarmasi, tuman hokimligi bilan hamkorlikda hududda o‘tkazilgan “Ma’naviyat kunlari” doirasida yoshlar orasida milliy urf-odat, an’ana va qadriyatlarimizni keng targ‘ib etish va raqsga qiziquvchi yoshlarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida mahoratli xoreograflar Dilafruz Mirzabekova, Madina Haqberdiyeva, Nihol mukofati sohibi Dilshod Karimov va boshqalar ishtirokida prima-rubob, doira, qo‘shiq yo‘nalishlarida iqtidorli san’atsevar tuman yoshlari uchun “San’at sehri” shiori ostida mahorat darslari tashkil etildi.

Yozuvchilar uyushmasi a’zolari, shoirlar Hasan Abduvohidov, Alisher Nurboyev, Hakim Abdulla bilan bo‘lgan uchrashuv ijodkor yoshlarni qo‘llab-quvvatlashga xizmat qildi. O‘zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi viloyat bo‘limi raisi Boyjigit Abdullayev, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan jurnalist Xolida Pardaboyeva tomonidan “Sardoba yosh ijodkorlari” shiori ostida uyushtirilgan mahorat darslari tumanda ijod qilayotgan bir qator yosh jurnalist, shoir, yozuvchi, jurnalistika va suxandonlik sohasiga qiziquvchi yoshlar uchun bayramga aylanib ketdi.

“Ma’naviyat kunlari” dasturi doirasida tuman bolalar va o‘smirlar sport maktabida esa basketbol, voleybol, stol tennisi, stritbol, erkin kurash va futbol sport turlari bo‘yicha musobaqalar tashkil etilib, unda jami 485 nafar yosh, shulardan 133 nafar sardobalik sportsevar qizlar ishtirok etdi.

Yurtimizning taniqli sportchilari bokschi Orzubek Shoimov, bahodirlar o‘yini va tosh ko‘tarish sport turi bo‘yicha jahon va xalqaro musobaqalar ishtiokchisi Lochinbek Husanov va boshqa iqtidorli sportchilar ishtirokida yoshlarga master-klasc bo‘lib o‘tdi.

Bundan tashqari, Sardoba tumanidagi Paxtaobod mahalla fuqarolar yig‘inidagi tuman axborot kutubxona markazida ham yoshlarni kitobga bo‘lgan qiziqishini oshirish, ularning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish bo‘yicha bir qator tadbirlar tashkil etildi.

Jumladan, tadbir doirasida Sardoba yoshlari ishtirokida “Yosh kitobxon” respublika ko‘rik-tanlovining tuman bosqichi bo‘lib o‘tdi. Unda 10-14 yosh toifasida 5 nafar,15-19 yoshlilardan 5 nafar, 20-30 yoshdagilardan 5 nafardan jami 15 nafar o‘g‘il-qiz ishtirok etdi.

Tanlovda yosh kitobxonlar bitta shart bo‘yicha o‘zaro bellashib, yakuniy xulosalarga ko‘ra M.Sobirjonova, Q.Esonboyeva, N.Abdiyev o‘z yosh toifasida g‘olib deb topildi va ular “Yosh kitobxon”lar ko‘rik-tanlovning viloyat bosqichiga yo‘llanmalarni qo‘lga kiritdi.

Tadbirda ayniqsa, axborot kutubxona markazi o‘zining boy kitoblar fondi bilan ishtirok etgani ishtirokchilarda katta taassurot qoldirdi. 

Tadbir davomida yoshlar o‘zlari qiziqqan adabiyotlarni mutolaa qilish bilan birga, “Jahon va o‘zbek adabiyoti durdonalari kutubxonasi”dan o‘rin olgan nodir asarlarni xarid qilishlari bilan ham yodda qolarli bo‘ldi.

Sirdaryolik yoshlarning bo‘sh vaqtini mazmunli o‘tkazish maqsadida tashkil etilayotgan xuddi shunday “Ma’naviyat kunlari” viloyatning barcha shahar va tumanlarida belgilangan jadval asosida davom etirilmoqda.

A.QAYUMOV, F.TOSHMATOV (surat), O‘zA