Chinese
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Sirdaryodagi loyihalar o‘rganilmoqda
15:53 / 2022-04-13

Mahallalarni jinoyatdan holi, xavfsiz hududga aylantirish, aholini qiynab kelayotgan muammoli masalalarni manzilli hal etish bugungi kunning muhim vazifalardan biri hisoblanadi.

Bu boradagi ishlarni o‘rganish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining huquqni muhofaza qiluvchi va nazorat organlari faoliyatini muvofiqlashtirish masalalari bo‘yicha maslahatchisi Baxtiyor Islamov hamda Ichki ishlar vaziri, general-leytenant Po‘lat Bobojonov boshchiligidagi ishchi guruh Sirdaryo viloyatida navbatdagi o‘rganish ishlarini boshladi.

Bunda asosiy e’tibor hokim yordamchilari, yoshlar yetakchilari, mahalla faollari hamda profilaktika inspektorlarining hamkorlikda aholini kambag‘allikdan chiqarish, huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olishga qaratilgan faoliyati va sektor rahbarlarining tashabbuskorligi joylarda mahallabay tahlil qilinmoqda.

Dastlab ishchi guruh a’zolari Sirdaryo tumanidagi Furqat mahallasida joylashgan “O‘zbekiston-Xitoy" do‘stlik bog‘i maydonida mahalla yoshlarining bo‘sh vaqtlarini mazmunli o‘tkazishlari uchun yaratilgan sharoitlar bilan tanishdi. E’tiborlisi, bir necha yildan beri faoliyat ko‘rsatayotgan mazkur maydonda hozirgi kunda 113 turdagi sport anjomlari mavjud bo‘lib, qariyb 1500 ga yaqin yoshlar sport to‘garaklariga jalb etilgan.

Keyingi manzil ushbu tumanda tashkil etilgan uzumchilik plantatsiyasi bo‘ldi. Plantatsiya 100 gektardan iborat bo‘lib, 300 nafar ishchini qamrab olish quvvatiga ega. Plantatsiyaning yillik daromadi 860 mln. dollardan ziyod bo‘lib, yillik hosil 2 350 tonnani tashkil qilishi rejalashtirilgan. Maskanda ishchi guruh a’zolari eng serdaromad sohalardan biri bo‘lgan uzumchilik yo‘nalishida aholi bandligini ta’minlash maqsadida amalga oshirilayotgan ishlarni ko‘zdan kechirdi.

Shuningdek, mutasaddilar tumanning “Ilg‘or” mahallasida bo‘lib, hududni kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, band bo‘lmagan ishsiz yoshlarni ish bilan ta’minlash borasidagi reja va takliflar tinglandi.

Namuna sifatida mahalladagi “Tinibek bobo” fermer xo‘jaligi haqida ma’lumot berildi. Unda 50 nafar mahalliy yoshning bandligini ta’minlash uchun 25 sotixdan yer maydonlari ajratib berilgan.

O‘rganishlar davomida ishchi guruhi a’zolari tumandagi “Quyosh” mahallasida istiqomat qiluvchi Isroil Chakarov xonadonidagi issiqxona faoliyati bilan tanishdi. Maydoni 15 sotix bo‘lgan ushbu issiqxonada 5 nafar mahalliy fuqarolarning bandligi ta’minlangan. Asosan, pomidor yetishtirish bilan shug‘ullanadigan I.Chakarov issiqxonadan yiliga 2 martagacha hosil olmoqda.

Mazkur mahalla chegara hudud hisoblanib, unda “O‘zbekiston-Qozog‘iston“ xalqaro chegara posti ish olib bormoqda. Respublika ishchi guruhi a’zolari ushbu maskanda bo‘lib, fuqarolar va tadbirkorlar uchun yaratilgan sharoitlar bilan tanishdi.

Ishchi guruh a’zolari Sirdaryo tumanidagi “Mega lyuks“ korxonasiga borib, chet eldan qaytgan mehnat migrantlari uchun tashkil etilgan yarmarkada ishtirok etdi. Unda 81 nafar fuqaroga huquqiy tushuntirishlar berilgan bo‘lsa, 41 nafar fuqaroga monomarkazga yo‘llanma berildi, yana 39 nafar fuqaro shu joyda ish bilan ta’minlandi.

So‘ng ishchi guruh a’zolari Sayxunobod tumanida “Ayollar” va “Yoshlar” daftarlarida turgan fuqarolari bandligini ta’minlash bo‘yicha olib borilayotgan ishlar bilan tanishdi.

“Baxmalsoy” mahallasi hududida joylashgan “Politex Sirdaryo“ klasteriga ham borildi. Zamonaviy texnologiya bilan jihozlangan ip-kalava ishlab chiqarishga mo‘ljallangan klasterda mutasaddilar ishchi xodimlar faoliyati, korxonaning eksport-import salohiyati bilan yaqindan tanishdi. E’tiborlisi, ushbu maskanda hududda istiqomat qiluvchi 400 nafar maxsus daftarga kiritilgan fuqarolarning bandligi ta’minlangan.

Guliston shahar 4-sektorga qarashli “Yuksalish“ mahallasi binosida mahalla raisi, profilaktika inspektori, hokim yordamchisi, yoshlar yetakchisi hamda ayollar faoli bilan suhbatlashildi. Tanqidiy uchrashuvlarda mas’ullarga mavjud muammo va kamchiliklar bo‘yicha tegishli topshiriqlar berildi.

Sh.Suyarov, O‘zA