Sport nafaqat jismoniy harakatlar va musobaqalardan iborat, balki insonning aqliy, ma’naviy va ijtimoiy rivojlanishiga xizmat qiladigan jarayondir. U iroda va mardlikni, jamoaviy hamkorlik va ruhiy barqarorlikni o‘rgatadi. Shu boisdan Sirdaryoda sportni ommaviylashtirish, aholining jismoniy tayyorgarligini oshirish va iqtidorli yoshlarni saralash ustuvor vazifa sifatida belgilangan.
So‘nggi yillarda bu yo‘nalishda sezilarli natijalarga erishildi. Sirdaryodan yetishib chiqqan Milliy terma jamoalar a’zolari soni 2024 yilda 369 nafar bo‘lgan bo‘lsa, 2025 yilda bu ko‘rsatkich 521 nafarga yetdi. Shu yilda Olimpiya va Paralimpiya sport turlari bo‘yicha O‘zbekiston chempionati va kubok musobaqalarida Sirdaryolik sportchilar 1 172 ta medal, Osiyo chempionatlari va kuboklarida 47 ta, Jahon chempionatlarida esa 18 ta medal qo‘lga kiritishdi.

– Yoshlar orasida sportni rivojlantirish alohida e’tiborda, – deydi Sirdaryo viloyat sport boshqarmasi axborot xizmati rahbari Anvar To‘ychiyev, 2025 yilda sport sohasida amalga oshirilgan ishlar va erishilgan natijalar yuzasidan o‘tkazilgan matbuot anjumanida. – “Prezident olimpiadasi” sport musobaqalari Boks, Dzyudo, Erkin kurash, Yunon-rum kurashi, Taekvondo WT, Og‘ir atletika, Yengil atletika, Gimnastika, Stol tennisi va Basketbol turlari bo‘yicha 15–17 yosh toifasidagi sportchilar o‘rtasida uch bosqichda o‘tkazildi. 5 855 nafar yoshdan 4 684 nafari ishtirok etdi. Respublika final bosqichi 2025 yil noyabr–dekabr oylarida bo‘lib o‘tdi, unda 202 nafar sportchi qatnashdi va 22 ta medal qo‘lga kiritildi: 7 ta oltin, 7 ta kumush va 8 ta bronza. Umumjamoa hisobida Sirdaryo viloyati 8-o‘rinni egalladi.
Bunday natijalar davlat tomonidan sportga qaratilgan tizimli yondashuv va mahallalardan professional sport maktablarigacha yaratilgan sharoit hamda keng qo‘llab-quvvatlash natijasidir.

So‘nggi uch yilda olis va chekka hududlarda 102 ta namunaviy sport maydonchasi barpo etildi. 2025 yilda yana 26 ta yangi sport maydonchasi foydalanishga topshirildi. Prezidentning 2025 yil 6 martdagi “Sirdaryo viloyatida ishbilarmonlik muhiti, infratuzilma va aholi turmush darajasini yanada yaxshilash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori asosida 135,8 milliard so‘mlik 7 ta sport ob’ektlarida qurish, rekonstruksiya qilish va ta’mirlash ishlari belgilangan.
Sport sohasida raqamlashtirish ham tizimli yo‘lga qo‘yildi. 24 ta axborot tizimini o‘z ichiga olgan “ERP-Sport” platformasi ishga tushirildi. Olimpiya va Paralimpiya markazlarida ijodiy imtihonlar to‘liq raqamlashtirildi va UzASBO platformasi bilan integratsiya qilindi. 53 ta sport turi, 1,3 mingdan ortiq sport xodimi va 61 ta hakam faoliyati raqamlashtirildi. 18 ta sport-ta’lim muassasasida 2 328 ta sport guruhlari tashkil etildi. 8 738 nafar razryad va unvonga ega sportchilar ma’lumotlari qayd etildi va 8 611 nafar sportchi ID-karta bilan ta’minlandi (98,5%). Davlat xizmatlari tizimi joriy etilgani natijasida xizmatlar ko‘rsatish ulushi ikki barobarga oshdi.

Mahalladan Olimpiya cho‘qqisigacha olib borayotgan bu yo‘l nafaqat sportni rivojlantirish, balki yoshlarni tarbiyalash va iqtidorli sportchilar zaxirasini shakllantirishda samarali mexanizm ekanini ko‘rsatadi.
Eng asosiysi, sport faqat g‘oliblar uchun emas. U har bir yoshga iroda, sabr va ruhiy barqarorlik beradigan hayotiy maktabdir. Sirdaryolik bolalar mahallalardagi kichik maydonchadan tortib, respublika va xalqaro musobaqalargacha uzoq va mag‘rur yo‘lni bosib o‘tishda ushbu tarbiya va imkoniyatlardan foydalanadi. Har bir medal, har bir mashg‘ulot, har bir maydoncha – yoshlarning kelajakka tayyorgarligi va orzularini ro‘yobga chiqarishda muhim qadamdir.

Mahalladan Olimpiya cho‘qqisigacha olib borilayotgan bu yo‘l Sirdaryoda sportni nafaqat g‘oliblik va medallar uchun, balki yoshlarning salomat, iqtidorli va ma’naviy barqaror rivojlangan shaxslar sifatida o‘sishi uchun asosiy omil ekanini namoyon etadi.

G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri