French
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Sirdaryoda “Yilning eng yaxshi ijtimoiy xodimi” tanlovi o‘tkazildi
11:32 / 2021-06-17

Guliston shahrida “Yilning eng yaxshi ijtimoiy xodimi” ko‘rik-tanlovining Sirdaryo viloyati bosqichi bo‘lib o‘tdi.

Prezidentimizning 2018 yil 20 iyundagi “2018-2020 yillarda aholining ehtiyojmand toifalariga tibbiy-ijtimoiy yordam ko‘rsatishni yanada chuqurlashtirish va kengaytirish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qaroriga asosan, har yili an’anaviy tarzda o‘tkazib kelinayotgan “Yilning eng yaxshi ijtimoiy xodimi” ko‘rik-tanlovi Sirdaryo viloyati bosqichi avvalgilaridan tubdan farqli ravishda tashkil etildi.

– Joriy yilning 6 mart kuni Davlatimiz rahbari poytaxtimizdagi II Jahon urushi va mehnat faxriylari uchun mo‘ljallangan respublika pansionatiga tashrifi chog‘ida o‘tkazgan videokonferensiyada, tibbiy-ijtimoiy xizmat sohasiga alohida e’tibor qaratish, Sog‘liqni saqlash vazirligi tasarrufida tashkil etilgan Tibbiy-ijtimoiy xizmatlar agentligini O‘zbekiston Vazirlar Mahkamasi tuzilmasiga o‘tkazish to‘g‘risida va yana bir qator masalalar bo‘yicha mutasaddilar zimmasiga aniq vazifalar yuklagan edi, – deydi viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasi Axborot xizmati rahbari G‘ulom Primov. – bugungi “Yilning eng yaxshi ijtimoiy xodimi” ko‘rik-tanlovining Sirdaryo viloyati bosqichi ilk marotaba ushbu yangi tashkil etilgan agentlik va uning Sirdaryo viloyatidagi tibbiy-ijtimoiy xizmatlarni rivojlantirish boshqarmasi tomonidan tashkil etildi.

Ko‘rik-tanlov avvalida yangidan tashkil etilgan agentlik, uning viloyatlardagi boshqarmalari, ajralib chiqqan tibbiy-ijtimoiy xizmatlarni rivojlantirish tuzilmasi, uning vazifalari to‘g‘risida atroflicha ma’lumot berildi.

– Ijtimoiy xodimlar – yolg‘iz ehtiyojmand, o‘zgalar yordamiga muhtoj qariyalarning uylarida xuddi ularning oila a’zosi kabi g‘amxo‘rlik ko‘rsatadi, ularning salomatligi uchun qayg‘uradi, hattoki, uy yumushlari, bozor-o‘charlari uchun ham yelib-yuguradi, – deydi viloyat tibbiy-ijtimoiy xizmatlarni rivojlantirish boshqarmasi boshlig‘i Akbarxon Mirzaxonov. – Mehr-muruvvatni hammamiz ham ko‘rsatishimiz mumkin, albatta, lekin uni bu tariqa bajarish hammamizning ham qo‘limizdan kelavermaydi. Ezgulik farishtalari deb, aynan shu kasb egalarni atasak, aslo mubolag‘a bo‘lmaydi.

O‘n nafar ishtirokchi yakka-yolg‘iz, qarovchisini yo‘qotgan fuqarolarga qarashda o‘z bilimlari, aql zakovatlari, sohaga oid qaror va farmonlarning mazmun-mohiyatini bilishi, shuningdek, kasbiy mahoratlari va kasbining mas’uliyati, bu borada erishayotgan yutuqlari bo‘yicha bellashdi. Kundalik ish faoliyatlari esa video-slayd lavhalari orqali namoyish etildi.  

Mazkur ko‘rik-tanlov hakamlar hay’atining yakuniy xulosalariga ko‘ra, 1-o‘rin Sayxunobod tumanida 2017 yildan buyon ijtimoiy xodim vazifasida ishlab kelayotgan Yulduz Boboyarovaga nasib etdi. Endi u ushbu ko‘rik-tanlovning respublika bosqichida Sirdaryo viloyati sharafini himoya qiladi. G‘olibga viloyat kasaba uyushmalari federatsiyasining “Turon” sanitoriysida dam olishi uchun bepul yo‘llanma taqdim etildi.

2 va 3-o‘rinlarni Sirdaryo tumanida 2015 yildan buyon ijtimoiy xodim bo‘lib faoliyat ko‘rsatib kelayotgan Nodira Urinboyeva hamda 2017 yildan buyon ijtimoiy xodim sifatida Oqoltin tumanida xizmat qilib kelayotgan Nilufar Adilova egalladi.

G‘olib va sovrindorlar tashkilotchilarning qimmatbaho sovg‘alari hamda barcha ishtirokchilar viloyat kasaba uyushmalari federatsiyasining Xiva shahriga sayohat uchun yo‘llanmasi bilan taqdirlandi.

[gallery-2821]

A.Qayumov, F.Toshmatov (surat), O‘zA