Sirdaryo viloyatida raqamli ta’lim va yuqori texnologiyalar sohasida xalqaro hamkorlikning yangi bosqichi boshlanmoqda. Viloyat hokimligi, Raqamli ta’limni rivojlantirish markazi hamda Malayziyaning “Canaan Communications and Technology” kompaniyasi o‘rtasida Guliston shahrida “Center of Excellence” — yuqori malakali mutaxassislar tayyorlashga ixtisoslashgan o‘quv markazini tashkil etish bo‘yicha o‘zaro anglashuv memorandumi imzolandi.
Mazkur loyiha doirasida zamonaviy axborot texnologiyalari, sun’iy intellekt, raqamli kommunikatsiyalar hamda innovatsion yechimlar sohalarida chuqur bilim va amaliy ko‘nikmalarga ega kadrlarni tayyorlash rejalashtirilgan. O‘quv jarayonlariga xalqaro tajriba, ilg‘or ta’lim dasturlari va amaliy treninglar joriy etilishi ko‘zda tutilgan.

“Center of Excellence” faoliyati yoshlarning intellektual va kasbiy salohiyatini oshirish, ularni global mehnat bozori talablariga mos ravishda tayyorlash, shuningdek, hududda raqamli iqtisodiyot uchun zarur bo‘lgan malakali mutaxassislar zaxirasini shakllantirishga xizmat qiladi.
Ta’kidlash joizki, ushbu tashabbus O‘zbekiston va Malayziya o‘rtasida ta’lim, innovatsiya va texnologiyalar sohasidagi hamkorlikni yanada mustahkamlab, Sirdaryo viloyatida innovatsion muhitni rivojlantirish, investitsiyaviy jozibadorlikni oshirish yo‘lida muhim qadam bo‘ladi.
G‘ulom Primov, O‘zA