Guliston tibbiyot klasterida ilk marotaba sirdaryolik xirurglar tomonidan laparoskopik usulda qizilo‘ngach diafragma teshigi churrasi bilan bog‘liq yuqori texnologiyali jarrohlik amaliyoti o‘tkazildi.
–Guliston tibbiyot klasterida shu bugungi kunga qadar laparoskopik usulda xoletsistektomiya, buyrakdagi kistektomiya, appendektomiya, ayollarda tuxumdondagi kistektomiya, bachadon trubalarini ochish bilan bog‘liq 3 mingdan ziyod amaliyotni o‘tkazganmiz, – deydi Guliston tibbiyot klasteri xirurgi, oliy toifali xirurg Akmal O‘rolov. – Ammo, qizilo‘ngach diafragma teshigi churrasi bilan bog‘liq laparoskopik amaliyot esa birinchisi hisoblanadi. Yutug‘imizning omili shundaki, Ozarbayjon davlatida ikki oylik malaka oshirish kursi, Akademik V.Vohidov nomidagi Respublika ixtisoslashtirilgan xirurgiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazidagi ustozlardan o‘rgangan tajriba ushbu turdagi amaliyotni ular ishtirokisiz mustaqil bajarish imkonini berdi. Oqoltinlik bemor ushbu amaliyotdan so‘ng og‘riqlardan batamom qutildi. Chunki u to‘rt yil davomida turli tibbiyot muassasalariga, xalq tabobatiga murojaat qilgan. Ammo konservativ davo muolajalari unga yordam bermagan.

Mutaxassislar klinik va instrumental tekshiruv o‘tkazib unga qizilo‘ngach diafragma teshigi churrasi tashxisi qo‘yishdi va muammo yuqori texnologiyali, laparoskopik usulda bartaraf etildi.
Ayni paytda bemor shifokorlar nazorati ostida davo muolajalarini olmoqda.

Sh.Suyarov, O‘zA muxbiri