Русский
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Sirdaryoda xalqchil islohotlar o‘z samarasini ko‘rsatmoqda
20:58 / 2023-04-12

Sirdaryodagi bugungi rivojlanish va barqaror iqtisodiy o‘sish ushbu zaminda mehnat qilayotgan aholining va ishbilarmon kishilarning sa’y-haratkatlari bilan yangi bosqichga kirib bormoqda.

Bunga biz davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyevning joriy yil 7 aprel kuni viloyatdagi ijtimoiy-iqtisodiy, investitsiviy islohotlar samarasini ko‘rish, odamlar hayoti bilan yaqindan tanishish maqsadida Sirdaryoga tashrifi davomida yana bir bor amin bo‘ldik.

Shu kuni davlatimiz rahbari Sirdaryo viloyati Xalq deputatlari viloyat kengashi sessiyasida ishtirok etib, nutq so‘zladi. Qayd etildiki, “Innovatsion hududda hokim, viloyat, tuman rahbarlari aholi va tadbirkorlarga sharoit yaratish bo‘yicha har kuni yangilikka intilishi, dunyoqarashi va yondashuvlari o‘zgarishi kerak. Shunda odamlarning ongi, dunyoqarashi o‘zgaradi, innovatsion va ishbilarmonlik muhiti shakllanadi”.

Tashkil etilgan “Innovatsion hudud”da Xitoy Xalq Respublikasining sanoat, qishloq xo‘jaligi, ta’lim va tibbiyot kabi sohalardagi yutuqlari hisobga olinib, ilm-fan, innovatsiya, robototexnika, muhandislik, elektrotexnika va IT yo‘nalishlaridagi tajribasi asosida faoliyat yuritish bo‘yicha takliflar berildi. Ta’sirchan chora-tadbirlarda Xitoyning O‘zbekiston uchun transport-logistika sohalarida eng yaqin yirik bozorlardan bo‘lishi ko‘zda tutilgani ta’kidlandi.

Ma’lumotlarga e’tibor qaratsak, o‘tgan 6 yilda xitoylik investorlar hamkorligida viloyatning uchta tumanida 60 dan ortiq yirik sanoat korxonalari ish boshladi. Birgina 2022 yilda 250 million dollardan ziyod Xitoy investitsiyalari hududga kiritildi va bu umumiy investitsiya ulushining deyarli 90 foizini tashkil qiladi. Bu raqamlar ostida jadal sanoat rivoji yotibdi deyish mumkin.

Ta’kidlash joizki, o‘tgan davrda viloyatda ulkan bunyodkorlik ishlari, yirik ijtimoiy-iqtisodiy loyihalar hayotga tatbiq qilindi. Bunday keng ko‘lamli sanoat jadallashuvi odamlar turmush farovonligini yaxshilashda katta ahamiyat kasb etmoqda. Ayniqsa, sanoat yo‘nalishida o‘nlab yirik korxonalarning foydalanishga topshirilishi minglab ish o‘rinlari yaratilishiga xizmat qilmoqda. 

Bu kabi ijobiy o‘zgarishlarga Guliston shahridagi “Omon Med Farm” korxonasi faoliyatini misol sifatida keltirish mumkin. Ayni kunda mazkur dori ishlab chiqarish korxonasida mahalliy dorivor o‘simlik va xomashyolardan yiliga 2 million 400 ming qadoq farmatsevtika mahsulotlari tayyorlanayapti. 

Tashrif doirasida bu korxona safiga “River Med farma”, “Yevroaziya gaz beton”, “Modern Marbel”, “Peng Sheng Charm”, “Toshkent siti gold blok” va “Inter Treyding-group” mas’uliyati cheklangan jamiyatlari ham qo‘shildi. Ularning faoliyati natijasida viloyat tovar aylanmasi yiliga umumiy hisobda 37 milliard so‘mga ko‘payadi, eksporti qariyb 30 million dollarga oshadi. Mazkur korxonalarda endi 600 ga yaqin ish o‘rni tashkil qilinadi. Yangi tashkil etilgan ishlab chiqarish korxonalari vakillari bilan onlayn muloqotlar bo‘lib o‘tdi. Ma’lum qilindiki, birgina Sirdaryo tumanidagi “River Med farma”ning ishga tushirilishi yiliga 42 million dona infuzion dori mahsulotlari ishlab chiqarish va 250 nafar insonni doimiy ish bilan ta’minlash imkonini beradi. 

Aytish o‘rinliki, Sirdaryoda hayotga izchil tatbiq etilayotgan «Obod qishloq» dasturi bugun yurtimizning eng chekka va olis hududlarigacha yetib bormoqda. Aholi punktlarida barpo etilayotgan zamonaviy uy-joylar, ta’lim muassasalari, dam olish maskanlariyu qator xizmat ko‘rsatish shoxobchalarining yangicha qiyofasida o‘zining yorqin ifodasini topmoqda.

Xususan, fayzli Guliston shahrining yangi qiyofasi «Buyuk kelajak» mavzesida yorqin namoyon bo‘lib turadi. O‘tgan yillarda bu yerda namunali loyiha asosida 5 qavatli 8 ta, yana 7 qavatli 420 xonadondan iborat 10 ta uy-joy foydalanishga topshirilgani, yangicha ruhdagi maskanda yangi bir avlod voyaga yetayotganini ko‘rsatadi.

Viloyatda inson qadrini oshirish uchun yana yuzlab ko‘p qavatli uylar va sport inshootlari qurish, ichimlik suvi ta’minoti va oqova suv tizimini rivojlantirish borasida bunyodkorlik ishlarini biz aytmasak ham ijtimoiy tarmoqlar orqali xalqimiz ko‘rib-bilib turibdi desak, to‘g‘ri bo‘ladi. 

Hududda ishlab chiqarish sanoati, qishloq xo‘jaligi va agrar soha rivojlanish sari ilgarilab bormoqda. Shu bois mamlakatning qishloq xo‘jaligi islohotlarida «Sirdaryo tajribasi» samarali joriy qilib kelinmoqda.

Xususan, 2016-2022 yilliarda viloyatda mahalliy sanoat mahsuloti ishlab chiqarish va xizmat ko‘rsatish hajmlari qariyb 2 barobarga oshgan. Viloyatga jalb qilingan sarmoyalar hajmi 3,5 barobar, to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar esa 9 barobarga o‘sgan. 2026 yildga qadar “Inson qadri uchun” tamoyiliga asosan qishloq xo‘jaligi mahsulotlari ishlab chiqarish hajmini 2 barobarga oshirish, foydalanishdan chiqqan yerlarni o‘zlashtirish, melioratsiyani yaxshilash, urug‘chilik, baliqchilik, chorvachilik va anor yetishtirishni rivojlantirish orqali erishilishi prognoz qilingan. Viloyatda sanoat ravnaqi, yuqori qo‘shilgan qiymatli mahsulotlar ishlab chiqarish uchun imkoniyatlar ko‘p. Shuning uchun har bir tumanda “Loyiha guruhi” tashkil etilib, «drayver» sohalardagi loyihalar moliyalashtirilishi qayd etilgan.

Tashrif davomida asosiy e’tibor mavjud muammolarni hal etish, viloyatni barcha sohalar bo‘yicha rivojlantirish va aholi hayotini yaxshilash masalalariga katta e’tibor qaratildi. 

Umuman olganda, viloyatda 2026 yilga qadar energetika, kimyo, to‘qimachilik, qurilish materiallari, farmatsevtika va boshqa tarmoqlarda 5 milliard dollarlik 2 mingta investitsiya loyihasi amalga oshirilishi maqsad qilingan. Bu loyihalar yaqin kelajakda 60 mingta doimiy ish o‘rni yaratish imkonini beradi. 

Aholini ijtimoiy qo‘llab-quvvatlashning yana bir alohida jihati sifatida, viloyatda 1,5 mingdan ziyod uy-joy kam ta’minlangan oilalarga ajratilib, ularga ipoteka krediti bo‘yicha 60 milliard so‘mlik subsidiyalar berilishi bo‘yicha dasturlar ijrosi ta’minlab borilmoqda. Jumladan, og‘ir turmush sharoitida yashayotgan 800 nafar ayollarga subsidiya ajratish, 450 nafariga boshlang‘ich badal puli to‘lab berish va 120 nafari bepul uy-joy bilan ta’milash kabi inson qadrini oshirish chora-tadbirlari hayotga bosqichli qo‘llanilmoqda.

Shuningdek, Guliston shahrining eski dehqon bozori o‘rnidagi 42 gektar maydonda «Guliston city» barpo etilmoqda. Bu yerda 1 ming 700 xonadonli 16 qavatli turar joylar, umumta’lim va biznes maktablari, 2 ta  maktabgacha ta’lim muassasasi, zamonaviy klinika, madaniyat markazi va mehmonxona barpo etilishini ilgari faqat orzu qilish mumkin edi.

Bundan tashqari, viloyatda 2026 yilga qadar markazlashgan ichimlik suvi bilan ta’minlash darajasi 82 foizdan 90 foizga, kanalizatsiya qamrovi 14 foizdan 40 foizga yetkaziladi. Buning uchun 1,8 trillion so‘m evaziga 428 kilometr ichimlik suvi va 57 kilometr kanalizatsiya tarmog‘i, 118 ta suv va 7 ta kanalizatsiya inshootlari barpo etiladi. Natijada, 65 ming nafar aholi ilk bor suv bilan ta’minlanadi, 106 ming nafari aholining suv ta’minoti yaxshilanadi.

Sirdaryo viloyati «Obod mahalla» dasturlari bo‘yicha ham namunali deya ayta olamiz. Shu bois mo‘ljal bilan 110 ta qishloq va mahallada obodonlashtirish, ijtimoiy ob’ektlar, ichki yo‘llar va infratuzilmani ta’mirlashga 1 trillion so‘mdan ziyod mablag‘ yo‘naltirilgan. Keyingi uch yilda viloyatdagi 17 ta qishloq infratuzilmasini yaxshilash va rivojlantirishga 10 million dollar yo‘naltirilgan.

Viloyatda elektr energiyasi ta’minotini yaxshilash maqsadida, 2026 yilgacha tuzilgan reja bo‘yicha 5 ming kilometr past va yuqori kuchlanishli tarmoqlarda 1 ming 100 ta transformatorni yangidan qurish, rekonstruksiya qilish amalga oshirilib kelinmoqda. Bu ishlar hisobiga 420 mingdan ortiq aholi yashaydigan maskanlar obod qilinmoqda.

Yana bir jihat, O‘zbekiston aholisining 2,5 foizi Sirdaryo viloyatida yashaydi. Viloyat maydoni esa mamlakatimiz hududining 1 foizini tashkil etadi. Lekin, aholi soni kamligi va kichik maydoniga qaramay, mazkur hudud geografik joylashuvi va bir qator ustunliklari bilan mamlakat iqtisodiyotida muhim o‘rin egallay olgan.

Iqtisodiy tahlillarga murojaat qiladigan bo‘lsak, 2022 yil yakunlariga ko‘ra viloyat iqtisodiyoti asosiy tarmoqlari yuqori o‘sish sur’atlariga erishdi. Jumladan, yalpi hududiy mahsulot (YAHM) hajmi 18,1 trln. so‘mni, o‘sish sur’atlari 105 foizni (9-o‘rin), YAHM tarkibidagi qishloq, xo‘jaligi ulushi 39,4 foizni, sanoat ulushi 24,9 foizni, qurilish ishlari ulushi 8 foizni, xizmatlar ulushi 27,7 foizni tashkil etdi.

Ta’kidlash joizki, xalq rozi bo‘lishi davlatimiz rahbarining bosh missiyalaridan biri, o‘tgan davrda viloyatda aholini qiynab kelayotgan Qamchiq dovonidagi transport oqimi kamaytirildi. Chunki qatnov yildan-yilga oshib borayotgani, buning uchun yangi, sifatli avtobuslar xarid qilish, dastlab sinov tariqasida, keyin muntazam qatnovi yo‘lga qo‘yildi. 

Mazkur yo‘lning qayta tiklanishi vodiy aholisining Sirdaryo va Jizzaxga kelib ishlab, shu yerda istiqomat qilayotgani bilan ham bog‘liqligi muhim ahamiyatga ega.

Davlatimiz rahbari ta’biri bilan aytsak, Yangi O‘zbekistonni barpo etish, olib borayotgan islohotlarimizning samaradorligini oshirish uchun bugun bizga ma’rifatli boshqaruv – ilm-fan va adolatli qonunlarga asoslangan, oqilona va samarali boshqaruv kerak. Endi odamlar dardiga beparvo bo‘lgan, «aytganim-aytgan, deganim-degan» qabilida ishlaydigan rahbarlarni xalq ham, hayot ham qabul qilmaydi. 

Darhaqiqat, davlatimiz tomonidan olib borilayotgan ulkan xalqchil islohotlar o‘z samarasini ko‘rsatmoqda. Xususan, viloyatda 2016 yilda ta’lim muassasalarining soni 298 ta bo‘lgan bo‘lsa (133861 nafar o‘quvchiga), 2021 yilda 318 maktab bo‘lib, ularda 157691 nafar o‘quvchilar ta’lim olmoqdalar. O‘tgan 6 yil davomida 20 ta yangi ta’lim muassasalari foydalanishga topshirildi.

Bundan 6 yil oldin viloyatda 10 foiz maktab bitiruvchilari OTMga kirgani qayd etilgan bo‘lsa, o‘quv o‘rinlari yaratilishi sababli keyingi yillarda 40 o‘quvchidan 30 tasi, o‘rtacha 70 foizidan yuqorisi o‘qishga kirmoqda, ba’zan undan ham yuqori. Demak insonlarning dunyoqarashi, davlatga ishonchi ortmoqda. 

Yangi O‘zbekiston osmondan tushgani yo‘q. Yangi O‘zbekistonni haqiqiy asoschisi davlatimiz rahbari, sirdaryoliklardek mehnatkash, intiluvchan, tashabbuskor, bunyodkor xalqimiz yaratmoqda.

Bugun viloyatda davlatimiz rahbarining paxtachilik tarmog‘ini sanoatlashtirish, sohani klaster usulida boshqarish – bu mamlakat eksport salohiyatini yuksaltirishda va xalqimizning turmush farovonligini yanada oshirishda hal qiluvchi ahamiyatga ega degan fikrlari o‘z isbotini topmoqda.

Prezidentimizning klasterlar qoshida ilmiy markaz tashkil etish bo‘yicha ko‘rsatmasi Sirdaryoda institutsional markaz yaratishga asos bo‘ldi. Hozirda Markaz Paxta seleksiyasi, Tuproqshunoslik, Umumiy va noorganik kimyo instituti, Toshkent agrar universiteti hamda Mikrobiologiya ilmiy-tadqiqot institutlari bilan hamkorlikda ishlar jadal ketmoqda.

Markaz tadqiqotlarida rayonlashtirilgan 8 ta paxta navi bo‘yicha Innovatsiya vazirligi bilan hamkorlikda 46 ta liniya ekilib, tajribalar o‘tkazilgan. Bu esa yangi navlarni yaratish va tanlab olish imkonini bermoqda. Jumladan, 3 ta gidrometmarkazni ishga tushgan. Biomahsulotlarni traktor va dronlar yordamida tarqatish yo‘lga qo‘yilgan. Jarayonda 1000 gektarga yaqin paxta maydonlarida tomchilatib sug‘orish ishlari tashkil etilib, 70 foiz suvni tejashga erishilgan. Natijada iqtisod qilingan suvdan ishchilarga qo‘shimcha ekin ekish imkoniyati yaratilgan. Bu ham, albatta, samarador Sirdaryo tajribasi.

Ha, davlatimiz rahbarining «Har bir amaliy ish asosiga ilm-fan qo‘yilishi kerak» degan fikrlari naqadar to‘g‘ri ekanligini bugun Sirdaryo tajribalarida ko‘rib turibmiz. Bundan 6 yil oldin, yuqoridagi tadbirlarsiz ming mashaqqat bilan bir gektar maydondan 18-20 sentner paxta yetishtirilgan bo‘lsa, hozir 35-40 sentnerga olib chiqilgan.

Masalan, hududdagi «Poli Tex Sirdaryo» paxta to‘qimachiligi klasteriga o‘tgan davrda 500 milliard so‘mga yaqin investitsiya jalb qilingan. Natijada Germaniya, Xitoy davlatlari bilan hamkorlikda eng zamonaviy logistika markazi, yog‘-moy korxonasi, fermer xo‘jaliklariga xizmat qiluvchi yoqilg‘i va mineral o‘g‘itlar bazasi qurilib ishga tushirilgan. Shu bois huddudda nisbatan ishsizlik darajasi kam.

Tashrifda Prezident Shavkat Mirziyoyev Sirdaryoni sanoat, tadbirkorlik, qishloq xo‘jaligi, ta’lim va tibbiyot bo‘yicha “Ilg‘or innovatsiyalar hududi”ga aylantirish zarur ekanligini qayd etdi. 

“Innovatsion hududda hokim, viloyat, tuman rahbarlari aholi va tadbirkorlarga sharoit yaratish bo‘yicha har kuni yangilikka intilishi, dunyoqarashi va yondashuvlari o‘zgarishi kerak. Shunda odamlarning ongi, dunyoqarashi o‘zgaradi, innovatsion va ishbilarmonlik muhiti shakllanadi”, dedi prezident.

Muxtasar aytganda, davlatimiz rahbari Sirdaryo aholisi farovonligini yanada oshirishga qaratilgan yirik logistika, qurilish, invetitsiya, ilk tibbiyot klasteri tashkil etish orqali – Guliston shahri mamlakatning “Innovatsion meditsina xabi”ga aylantirilishi bo‘yicha tashabbusni hayotga tatbiq qilishga tegishli topshiriqlar berdi.

O‘zbekistonga transport-logistika jihatdan eng yaqin va eng yirik davlat sifatida Xitoy bilan iqtisodiy sherikchilik qilish bo‘yicha qaror qabul qilindi. Sirdaryo O‘zbekistonni 4 davlat bilan bog‘laydigan yirik logistika xabiga aylantirilishi, mazkur tashrifning naqadar xalqchilligi, samarali ekanini anglatadi.

Qo‘ng‘irotboy SHARIPOV,

Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti rektori