Chinese
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Sirdaryoda ustozlar forumi: Yangi marralar sari
12:27 / 2025-08-28

Sirdaryoda yangi o‘quv yili hamda Mustaqilligimizning 34 yilligi arafasida IV Ustozlar milliy forumi bo‘lib o‘tdi. Videokonferensiya shaklida tashkil etilgan yig‘ilishda viloyat hokimi vazifasini bajaruvchi Erkinjon Turdimov, hududiy ta’lim rahbarlari, maktab direktorlari, o‘qituvchilar va soha xodimlari ishtirok etishdi.

Zalda va studiyalarda kechgan muhokamalar shuni ko‘rsatdiki: ta’lim – bu nafaqat sinf va dars, balki butun jamiyatning kelajagi, millatning tayanchi.

[gallery-25013]

– Ustoz va murabbiyning obro‘sini yuksaltirmasak, harakatlarimiz samarasiz bo‘ladi. Chunki muallim qalbga nur, mehr va ilm soladi, – dedi viloyat rahbari. – Bugun Sirdaryoda 163 mingdan ziyod o‘quvchiga 13 mingdan ortiq ustozlar ta’lim berishmoqda. Xalqaro olimpiadalarda sovrindor bo‘layotgan, Chikago universitetida grant asosida o‘qiyotgan farzandlarimiz – ustozlar zahmatlarining samarasi.

So‘nggi yillarda ta’lim infratuzilmasiga katta sarmoya yo‘naltirilmoqda. Faqat shu yilning o‘zida 116 ta ta’lim muassasasida qurilish va ta’mirlash ishlari amalga oshirilmoqda.

Sardobaning Quyitosh mahallasida qurilayotgan 330 o‘rinli maktab yoshlar uchun yaqin orada yangi imkoniyatlar eshigini ochadi. 35 yildan beri bog‘chasiz qolgan “Ahillik” mahallasida esa yangi bog‘chaning ishga tushirilishi esa  ota-onalar va bolalar orzusini ro‘yobga chiqardi.

Shu bilan birga, 2025 yilda viloyat o‘quvchilari xalqaro fan olimpiadalarida 11 ta sovrinli o‘rinni qo‘lga kiritdi. Shirin shahridagi 2-maktab jamosi xorijiy tillarni o‘qitish bo‘yicha respublika tanlovida uchinchi o‘rinni egallab, Londonga yo‘llanma bilan taqdirlandi.

Anjumanda ta’lim sifatini oshirish va ustozlar nufuzini yuksaltirishga qaratilgan qator vazifalar belgilandi.

Quvonarlisi, 1 700 nafar o‘qituvchi malaka oshirish kurslariga yuboriladi, Pedagogika mahorat markazi yangi binoga ko‘chiriladi, har bir maktab rahbari faoliyati aniq ko‘rsatkichlar asosida baholanadi. Shuningdek, 55 nafar ustoz Turkiya va Ozarbayjonda stajirovka o‘taydi, har bir tumanda STEAM laboratoriyalari ochiladi.

Maktablarga kompyuter va interaktiv doskalar yetkaziladi, kutubxonasi yo‘q muassasalarda zamonaviy kutubxonalar barpo etiladi, 75 nafar direktor menejerlik kurslarida o‘qitiladi.

– Maqsadimiz – farzandlarimizni zamonaviy bilim bilan qurollantirish, ustozlarimizga munosib sharoit yaratish, – dedi viloyat rahbari.

Forumda yutuqlar bilan birga kamchiliklar ham tilga olindi. Masalan, o‘tgan o‘quv yilida 5 ta maktab bitiruvchilari oliy ta’lim muassasasiga kira olmagan. Bu holat "alohida tahlil va qat’iy choralar talab qiladi" deya ta’kidlandi.

– Ustozlar forumi biz uchun na faqat hisobot maydoni, balki yangi maqsadlarni belgilash va dolzarb muammolarga yechim topish imkoniyati ham bo‘ldi, – dedi viloyat maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi boshlig‘i Nargiza Xolboyeva. – Eng asosiysi, har bir maktabda ta’lim sifatiga ta’sir qiladigan omillar chuqur tahlil qilinadi. Ayniqsa, bitiruvchilari oliy ta’limga kira olmagan maktablar keskin nazoratga olinadi. Bu borada alohida “yo‘l xaritasi” ishlab chiqiladi. Jumladan, o‘sha maktablarda o‘quv dasturlari qayta ko‘rib chiqiladi, fanlar bo‘yicha qo‘shimcha darslar joriy etiladi, tajribali ustozlar jalb qilinadi.

Shuningdek, kelgusi ikki yilda 500 nafar o‘qituvchini xorijga stajirovkaga yuborish, barcha maktablarda raqamli jurnal va elektron platformalarni joriy etish, kam ta’minlangan oilalar farzandlari uchun onlayn qo‘llab-quvvatlash dasturini ishlab chiqish rejalashtirilgani ta’kidlandi.

– Bu choralar orqali biz ta’lim sifatini oshirish bilan birga, ustozlarning nufuzini ham yuksaltirishni maqsad qilganmiz. Chunki bilimli, zamonaviy dunyoqarashga ega avlod – ertangi yurtimizning asosiy quvvati, – dedi Nargiza Xolboyeva.

Yig‘ilish yakunida ta’lim sohasi rivojiga hissa qo‘shayotgan, o‘z mehnati bilan shogirdlar qalbida nur yoqqan fidoyi ustozlar viloyat hokimining tashakkurnoma va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.

G‘ulom Primov,  

Shahriyor Ortiqboyev (surat) O‘zA muxbirlari