Sirdaryo viloyatidagi tibbiyot muassasalarida faoliyat yuritayotgan hamshiralar uchun hamshiralik ishining yangi modeli – “Universal progressiv model” bo‘yicha bir oylik o‘quv kursi tashkil etildi.
Guliston shahrida boshlangan kurs Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan YUNISEF tashkiloti ko‘magida amalga oshirildi. Hamshiralar o‘quvidan ko‘zlangan maqsad, birlamchi tibbiy-sanitariya yordam muassasalarida xizmat qilayotgan hamshiralar ishini takomillashtirish va rivojlantirishdan iborat.
Ushbu 1 oylik o‘quv kursi jarayonida barcha hamshiralar uchun hamshiralik ishining “Universal progressiv modeli”ni amaliyotga tatbiq etish, shuningdek,joriy yilning 1 iyulidan sinov tajriba loyihasi doirasida Sirdaryoda tatbiq etilayotgan davlat tibbiy sug‘urta tizimi bilan bog‘liq ishlar, uni amaliyotga joriy etish mexanizmlari hamda aholini sog‘lom ovqatlanishini ta’minlash borasida amalga oshirilishi lozim bo‘lgan ishlar xususida saboq beriladi.

Mazkur o‘quv kursiga shahar va tuman tibbiyot birlashmalarida faoliyat ko‘rsatayotgan 25 nafar o‘rta tibbiyot xodimlaridan iborat trenerlar guruhi shakllantirilib, ular o‘quv kursi davomida hamshiralik ishining yangi modeli bo‘yicha bilimlarini oshirib, o‘quv tugagandan so‘ng, o‘zlari faoliyat ko‘rsatayotgan shahar yoki tuman tibbiyot birlashmalarida bir oylik o‘quv kursini tashkil etib, tibbiyot birlashmalarida faoliyat ko‘rsatayotgan hamshiralarga shu bo‘yicha saboq beradi va uni amaliyotga joriy etish mexanizmlarini o‘rgatadi.
Sirdaryoda yangidan, tajriba sinov tariqasida joriy qilinayotgan davlat tibbiy sug‘urta tizimida, onalar va bolalar bilan ishlash, ya’ni tibbiy xizmatning yangi turi – hamshiralarning “Universal progressiv modeli” bo‘yicha ishlash tartibi to‘laligicha yo‘lga qo‘yiladi.

A.Qayumov, F.Toshmatov (surat), O‘zA