Mamlakatimizda yashil hududlarni kengaytirish, ekologik barqarorlikni ta’minlash va aholini tabiat bilan yaqinlashtirish maqsadida amalga oshirilayotgan “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida Sirdaryo viloyatining Mirzaobod tuman hududida joylashgan O‘zbekiston Milliy Gvardiyasining Ixtisoslashtirilgan o‘quv markazida “Barchamiz birgalikda – yashil taraqqiyot uchun” shiori ostida keng qamrovli ekologik va ilmiy-amaliy tadbir bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda O‘zbekiston Ekologik Partiyasi Markaziy Kengashi raisi Abdushukur Hamzayev, uning hududiy bo‘limi vakillari, ekofaollar, Milliy gvardiya ofitserlari va serjantlari, kursantlar, mahalliy aholi, nuroniylar va faol yoshlar ishtirok etishdi.

Tadbirning markaziy qismi — “Tinchlik bog‘i”ni barpo etish va unga 5 000 tup daraxt ko‘chatlari ekish bo‘ldi. Ekilgan daraxtlar turlari mahalliy iqlim sharoitiga moslab tanlangan bo‘lib, ularni qish faslida asrash va parvarishlash bo‘yicha ishtirokchilarga amaliy tavsiyalar berildi. Har bir ishtirokchi ko‘chat ekish jarayonida o‘z hissasini qo‘shdi, bu esa tadbirning ijtimoiy va ekologik ahamiyatini yanada oshirdi.

Shuningdek, yoshlar uchun elektron o‘q otish trenajyorida amaliy mashg‘ulotlar tashkil etildi. Mashg‘ulotlarda zamonaviy trenajyorlar orqali qurol bilan muomala qilish, xavfsizlik qoidalari va amaliy ko‘nikmalarni o‘rgatishga alohida e’tibor qaratildi. Bu jarayon yoshlar uchun faqat harbiy tayyorgarlik emas, balki mas’uliyat, diqqat va chuqur fikrlash salohiyatini rivojlantirish imkonini ham berdi.

Tadbirning yana bir diqqatga sazovor qismi — uchuvchisiz uchish apparatlari (dronlar) namoyishi bo‘lib, ishtirokchilar dronlar yordamida ekologik huquqbuzarliklarni aniqlash va monitoring qilish imkoniyatlari bilan yaqindan tanishdilar. Bu texnologiyalar orqali noqonuniy chiqindi tashlash, daraxt kesish va suv ob’ektlaridagi qonunbuzarliklarni aniqlash kabi holatlar tez va samarali tarzda fuqarolik nazoratida bo‘lishi mumkinligi ta’kidlandi.

Shuningdek, “Ranglarda tabiat tasviri” mavzusidagi rasmlar ko‘rgazmasi ham o‘tkazildi. Yosh rassomlar tabiatning go‘zal manzaralari va ekologik muammolarni badiiy uslubda aks ettirib, ishtirokchilarni atrof-muhitni asrashga chorladi. Ko‘rgazmadagi har bir asarda tabiatning ahamiyati va uni muhofaza qilish zarurati vizual vosita orqali namoyon bo‘ldi.

Tadbir yakunida faol ishtirokchilar Milliy gvardiya va Ekologik partiya vakillari tomonidan tashakkurnoma va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlanishdi.
G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri