Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Sirdaryoda tadbirkor ayollar safi kengaymoqda
09:10 / 2020-12-20

Sirdaryo viloyati Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash boshqarmasi tasarrufidagi xotin-qizlar tadbirkorlik markazida adliya boshqarmasi hamkorligida “Adliya – tadbirkorga do‘st” loyihasi doirasida seminar tashkil qilindi.

Tadbirda viloyat bojxona boshqarmasi, tijorat banklari, “Tadbirkor ayol” assotsiatsiyasi, “Yuksalish” umummilliy harakati, tadbirkorlar va ommaviy axborot vositalarining vakillari ishtirok etdi.

Prezidentimizning “Xotin-qizlarning mehnat huquqlari kafolatlarini yanada kuchaytirish va tadbirkorlik faoliyatini qo‘llab-quvvatlashga oid chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori ijrosi doirasida viloyat xotin-qizlar tadbirkorlik markazi nodavlat notijorat tashkilot sifatida adliya boshqarmasida davlat ro‘yxatidan o‘tkazildi.

Ushbu markazning asosiy maqsadi – xotin-qizlarning tadbirkorlik tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash, bandligini ta’minlash, mamlakatda amalga oshirilayotgan iqtisodiy islohotlarda ishtirokini yanada faollashtirish, ularda tadbirkorlik ko‘nikmalarini shakllantirishga ko‘maklashishdan iborat.

– bugungi kunga qadar 550 nafardan ziyod xotin-qizlar o‘z tadbirkorligini yo‘lga qo‘yish istagida Xotin-qizlar tadbirkorlik markazida maxsus o‘quv kurslarini tamomladilar, - deydi viloyat xotin-qizlar tadbirkorlik markazi direktori Mo‘’tabar Usmonova. – Tinglovchilarga tikuvchilik, sartaroshlik, pazandachilik, issiqxona bilan ishlash, kompyuter savodxonligi yo‘nalishlari bo‘yicha malakali mutaxassislar hamda Guliston davlat universitetining professor-o‘qituvchilari tomonidan mashg‘ulotlar o‘tildi.

Tadbir avvalida tinglovchilar uchun tashkil etilgan “Huquqiy axborot soati”da tadbirkor xotin-qizlarning huquq va majburiyatlari, ular uchun yaratilgan imtiyozlar, shuningdek, tovar belgilarining tadbirkorlik faoliyatidagi o‘rni va samarasi to‘g‘risida – viloyat adliya boshqarmasi mas’ul xodimi B.Norboyev, import tovarlarni bojxona nazoratidan o‘tkazish tartibi haqida – viloyat bojxona boshqarmasi bosh inspektori, podpolkovnik A.Karabayev hamda tadbirkorlik faoliyatini boshlash uchun kredit mablag‘lari olish borasida bank xodimlari batafsil huquqiy tushuncha berdi.

Shundan so‘ng barcha yo‘nalishlar bo‘yicha mahorat darslari o‘tkazildi.

Tadbir davomida tadbirkor ayollarning faoliyati bilan tanishildi, ular tomonidan ishlab chiqarilayotgan mahsulotlar ko‘rgazmasi namoyish qilindi.

Seminar nihoyasida bo‘lajak tadbirkorlarga ilk tadbirkorlik faoliyatini boshlash, yuqori malakali tadbirkorlar bilan tajriba almashish hamda o‘quv kurslarini tugatgan ayollarga sertifikatlar taqdim etildi.

– Viloyatimizda tadbirkor ayollar safi yanada kengaymoqda va bu ezgu harakatlar iqtisodiyotimiz taraqqiyoti, dasturxonlarimiz to‘kinligi, xalqimiz turmush farovonligini oshirish uchun xizmat qilishi shubhasiz – deydi seminar ishtirokchilaridan biri, tadbirkor Barchinoy Usmonova. – Hadisu shariflarda, beshikdan to qabrgacha ilm o‘rgan deyilgan. Hunar o‘rganishning erta-kechi bo‘lmaydi. Ayol kishi qandaydir foydali mashg‘ulot bilan band bo‘lsa, oilasi, farzandlar tarbiyasi, ishidan ortiqcha fisqu-fasodga, g‘iybatga vaqti qolmaydi, bir nechta xotin-qizlarga hunar o‘rgatib, bandligini ta’minlaydi, oilaviy byudjetiga, qolaversa mamlakatimiz iqtisodiga o‘zining kam bo‘lsada hissasini qo‘shadi.

Dilnoza UMURZOQOVA,

Sirdaryo viloyati adliya boshqarmasi huquqiy targ‘ibot va ma’rifat bo‘limi yetakchi maslahatchisi

Furqat TOSHMATOV (surat), O‘zA