Aholi salomatligi bilan bog‘liq muammolarga yechim topish va amaliy yordam ko‘rsatish maqsadida Sirdaryo viloyati Sirdaryo tumanidagi “Bunyodkor” mahalla fuqarolar yig‘ini binosida “Sog‘lom oila” xonasi tashkil etildi.
Sog‘liqni saqlash vaziri o‘rinbosari Elmira Basitxanova Sirdaryo viloyatiga tashrifi doirasida tuman hokimi Botirjon Mirzaqulov, viloyat Sog‘liqni saqlash boshqarmasi boshlig‘i Xurshid Hakimov hamrohligida mahalla idorasida ochilgan “Sog‘lom oila” xonasiga tashrif buyurdi.

Tashrif doirasida faoliyat boshlagan, birlamchi tibbiy-sanitariya muassasa, uning 2200 nafar aholiga xizmat ko‘rsatuvchi tibbiy brigada a’zolari bilan uchrashib, ular oldida turgan vazifa, uni ijro etish mexanizmlari to‘g‘risida muloqot qildi.


Shundan so‘ng, ushbu mahallada istiqomat qilayotgan, ijtimoiy ahvoli og‘ir, salomatlik ko‘rsatkichida jiddiy muammosi bor fuqarolar xonadonida bo‘ldi. Suhbat chog‘ida aholi salomatligi bilan bog‘liq qo‘shimcha tibbiy skrining o‘tkazish, bu boradagi ishga respublika ixtisoslashgan tibbiyot muassasalarining professor, malakali mutaxassislarini jalb etish va ambulator sharoitda davolash, salomatligini tiklash yuzasidan o‘z takliflarini berdi.
Sh.Suyarov, O‘zA.