Oqoltinlik Arofatxon Baydullayevaning oilasi ham “Ayollar daftari”ga kiritilgan edi.
– Oldiniga biroz xijolat bo‘lganman, – deydi A.Baydullayeva. – Sog‘lom bo‘lsam. Birozgina omad kelmayotgani, ishim yurishib ketmayotganini aytmasa, qora qozon qaynab turgandi. Qanday qilib qo‘shimcha daromad topsam, ro‘zg‘ordagi muammolarni bartaraf etsam, deb o‘ylardim. Prezidentimiz tashabbusi bilan, men singari ayollar uchun “Ayollar daftari” joriy etildi. Bu esa menga, men singari ayollarga imkoniyat bo‘ldi.
Yaqinda A.Baydullayeva tuman hokimligi va “Mahalla” xayriya jamoat fondi, fondning Oqoltin tuman bo‘limi qoshida ochilgan “Saxovat va ko‘mak” jamg‘armasi yordami bilan vodiyga sayohatga borib keldi. U bilan tumandagi “Ayollar daftari”ga tushgan ayollarning 160 nafari birga edi.
– Bu men uchun, men singari ayollar uchun unutilmas xotiralarga boy sayohat bo‘ldi, – deydi Arofatxon opa. – Qolaversa, hayotimda tub burilish yasadi. To‘g‘risi, vodiyliklar hunarmand bo‘ladi, deyishar edi. Borib ko‘rgach, ishondim. Sayohat davomida ular bilan uchrashdim, suhbatlashdim. Hunar sirlari bilan tanishdim. Rejalar tuzdim. Uyga qaytib, turmush o‘rtog‘im va farzandlarim bilan maslahatlashib, tadbirkorlik yo‘nalishida ishni boshlash uchun tuman hokimligi, “Mahalla” xayriya jamoat fondi va boshqalarning yordami bilan imtiyozli kredit oldim.
Hozir Arofatxon Baydullayeva “Ayollar daftari” ro‘yxatidan chiqqan. U o‘z uyida bir-biridan bejirim bolalar maktab formasi, kelin sarpolarini tikib ichki bozorga chiqaryapti. U ishlab chiqargan mahsulotlar xaridorgir. Shunga yarasha daromad topib, ro‘zg‘ori kami-ko‘stini to‘ldiryapti.
Sirdaryoda “Mahalla” xayriya jamoat fondi uning “Saxovat va ko‘mak” jamg‘armasi tomonidan amalga oshirilayotgan bunday xayrli loyihalar bugun o‘z samarasini beryapti. Ayollar o‘z yo‘lini topib, o‘z-o‘zini ish bilan band qilyapti.
Shuhrat Suyarov, O‘zA