Sirdaryo viloyatida Prezidentimizning sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish bo‘yicha qabul qilgan farmon va qarorlari ijrosini ta’minlash maqsadida rahbarlarning o‘zi shaxsiy namuna bo‘lsin degan topshiriqlaridan kelib chiqib, viloyatda sektor rahbarlari, viloyat, tuman, shahar hokimining o‘rinbosarlari, viloyat korxona va tashkilot rahbarlarining jismoniy tayyorgarlik darajasi bo‘yicha musoboqalar o‘tkaziladi.
– Bir narsani unutmanglar, shaxsiy namunada gap ko‘p, sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilmasak, albatta o‘zimiz shaxsiy namuna bo‘lgan holda uni aholi o‘rtasida ommalashtirmasak, noinfeksion kasalliklarni oldini ololmaymiz, – dedi viloyat hokimi G‘.Mirzayev. – Shu bois qaysi soha vakili yoki rahbari – barchaning jismoniy tayyorgarlik darajasi ko‘rikdan o‘tkaziladi.
Darvoqe, viloyat hokimi bu borada tegishli farmoyish ham qabul qilganini alohida ta’kidlash joiz. Ushbu farmoyishga ko‘ra, viloyat sektor rahbarlari, viloyat, tuman, shahar hokimining o‘rinbosarlari, viloyat korxona va tashkilotlari rahbarlari o‘rtasida “Sport targ‘ibotchisi” va “Shaxsiy namuna” tamoyili asosida sport musobaqalari tashkil etiladi.

Rahbarlarning jismoniy ko‘rigi tajribali sport murabbiylari nazorati ostida quyidagi bosqichda o‘tkazildi: Sportning yengil atletika turi bo‘yicha:turnikka tortilish, 100, 200 metr va 1 kilometr masofaga yugurish, chalqancha yotgan holda gavdani ko‘tarish (press), polga tayangan holda qo‘llarini (adjemani) bukib yozish, 2,5 kilometr masofani velosipedda bosib o‘tish bellashuvlarida ishtirok etadi.
Shuningdek, viloyat, tuman va shahar sektor rahbarlari hamda tuman va shaharlar hokimlarining o‘rinbosarlari, korxona va tashkilot rahbarlaridan har biri 10 kishidan tashkil topgan jamoalar mini-futbol musobaqasida bellashadi.
Viloyat hokimining farmoyishiga ko‘ra ushbu, rahbar kadrlarning o‘ziga xos bellashuvlari Guliston shahridagi sport inshootlarida joriy yilning 5-6 dekabr kunlari o‘tkazilishi belgilandi.
A.QAYUMOV, O‘zA