Guliston shahrida Prezidentlikka nomzod Bahrom Abduhalimovning ishonchli vakili Inomjon Qudratovning «Ishonchli vakil ishining boshlanishi, uning vazifalari» mavzusida OAV vakillari uchun brifing tashkil etildi.
Unda Prezidentlikka nomzodning saylovoldi dasturi chop etilgan kitobcha va bukletlar, “Adolat” gazetasining maxsus soni ishtirokchilarga tarqatildi. Tadbirni «Adolat» sotsial-demokratik partiyasining Sirdaryo viloyat Kengashi raisi Jamol Komilov ochib, so‘zni Prezidentlikka nomzod Bahrom Abdurahimovich Abduhalimovning ishonchli vakili Inomjon Qudratovga berdi. Inomjon Qudratov ommaviy axborot vositalari vakillarini Prezidentlikka nomzod Bahrom Abduhalimovning tarjimai holi bilan tanishtirib, nomzodning hayoti va mehnat faoliyati, ilmiy-ijodiy ishlari xaqida batafsil ma’lumot berdi.
– Prezidentlikka nomzod Bahrom Abdurahimovich Abduhalimovning saylovoldi dasturi yig‘ilganlarda katta qiziqish uyg‘otdi, – deydi «Adolat» sotsial-demokratik partiyasining faoli Salohiddin Elmurodov. – Xususan, nomzodning saylovoldi dasturidagi “Ta’lim sohasida adolat ustuvorligini ta’minlaymiz» bo‘limi ishtirokchilarda iliq taassurot qoldirdi. Boisi, hozirgi kunda rivojlangan davlat maqomiga yetishish uchun aholining bilim saviyasini oshirish va dunyoqarashini talab darajasida shakllantirish muhim ahamiyat kasb etadi.
Uchrashuv so‘ngida “Adolat” SDP viloyat kengashi raisi Jamol Komilov Prezidentlikka nomzodning saylovoldi dasturini ma’qullab, shu yil 24 oktyabr kuni bo‘lib o‘tadigan Prezidentlik saylovida Bahrom Adburahimovich Abduhalimov uchun ovoz berishga chaqirdi.
Shuhrat Suyarov, Furqat Toshmatov (surat), O‘zA