English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Sirdaryoda plogging aksiyasi o‘tkazildi
18:28 / 2025-11-03

Sirdaryo viloyatida sog‘lom turmush tarzi va ekologik madaniyatni targ‘ib etish maqsadida navbatdagi ekotashabbus — plogging aksiyasi bo‘lib o‘tdi.

Tadbir “Tozalik oyligi” doirasida viloyat Ekologiya, atrof muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi boshqarmasi tashabbusi bilan Guliston shahrining “Yangi hayot” mahallasi hududida tashkil etildi.

Plogging — yugurish va chiqindi yig‘ishni uyg‘unlashtirgan ekotashabbus bo‘lib, u Shvetsiyada paydo bo‘lgan va so‘nggi yillarda jahon bo‘ylab keng ommalashmoqda. Bu safar mazkur sog‘lomlashtiruvchi va foydali harakat Sirdaryoda ham keng jamoatchilikni birlashtirdi.  

Aksiyada viloyat Ekologiya boshqarmasi, prokuratura, Poligonlarni boshqarish direksiyasi, “Toza hudud” davlat unitar korxonasi, Obodonlashtirish boshqarmasi xodimlari, ekofaollar, mahalla faollari hamda yoshlar faol ishtirok etishdi.

Ishtirokchilar mahalla hududida yugurish bilan bir vaqtda plastik idishlar, qog‘oz va boshqa turdagi maishiy chiqindilarni yig‘ishdi. Tadbir yakunida hudud yanada tozalanib, obod va ko‘rkam qiyofa kasb etdi.

– Plogging nafaqat tabiatni tozalash, balki sog‘lom turmush tarzini shakllantirishga ham xizmat qiladi, –   deydi Guliston davlat universiteti biologiya yo‘nalishi 2-bosqich talabasi Nosir Jo‘rayev. –   Biz yoshlar tabiat tozaligi uchun mas’ul ekanimizni his etsak, har bir qadamimiz ekologik madaniyatni oshirishga xizmat qiladi. Bugungi aksiya orqali nafaqat mahallamizni, balki qalbimizdagi “ekofikr”ni ham pokladik desam mubolag‘a bo‘lmaydi.  

Viloyat Ekologiya, atrof muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi boshqarmasi boshlig‘i Dilshod Elmurodov ham bunday tadbirlarning ahamiyati haqida to‘xtalib, shunday dedi:

– Plogging aksiyalari orqali biz nafaqat hududlarni chiqindidan tozalaymiz, balki aholida ekologik madaniyatni shakllantirishga, ayniqsa yoshlarda tabiatga mehr va mas’uliyat tuyg‘usini kuchaytirishga erishmoqdamiz. Keyingi bosqichlarda bunday ekoyugurishlar viloyatning barcha shahar va tumanlarida davom ettiriladi. Shu bilan birga, chiqindilarni saralash va qayta ishlash madaniyatini keng tatbiq etish bo‘yicha ham aniq rejalarimiz bor.  

Aksiya yakunida eng faol ishtirokchilar diplom va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlanishdi.  

Tashkilotchilarning ta’kidlashicha, plogging kabi tadbirlarning asosiy maqsadi — fuqarolarda tabiatga ehtirom va mas’uliyat tuyg‘usini kuchaytirish, ekologik madaniyatni oshirish hamda jamoatchilik e’tiborini chiqindilar muammosiga qaratishdan iborat.  

Sirdaryoda bu kabi ekotashabbuslar kelgusida ham izchil davom ettirilishi belgilangan.

G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri