Pirotexnika buyumlarini qonunga xilof ravishda ishlab chiqarish, tayyorlash, saqlash, tashish, jo‘natish, ulardan foydalanish, mamlakatimizga olib kirish (olib chiqish) yoki o‘tkazish taqiqlangan.
Respublikamiz bojxonachilari tomonidan bu turdagi vositalarga qarshi kurash tadbirlari davom ettirilmoqda.
Xususan, Sirdaryo viloyati bojxona boshqarmasi Kontrabandaga qarshi kurashish bo‘limi xodimlari, DXX Sirdaryo viloyati boshqarmasi, Davlat bojxona qo‘mitasi, Namangan va Farg‘ona viloyati bojxona boshqarmasi Kontrabandaga qarshi kurashish bo‘limi, Namangan viloyati Pop tumanida joylashgan harbiy qism tezkor xodimlari bilan hamkorlikda Namangan viloyati hududida pirotexnika mahsulotlarining noqonuniy aylanuviga qarshi kurashish borasida “nazorat ostiga olish” tezkor tadbiri o‘tkazildi.

Tadbir davomida kuzatuvga olingan O‘zbekiston fuqarosi S.M. “shartli xaridorga” sotish maqsadida olib kelgan, xorijda ishlab chiqarilgan, bojxona rasmiylashtiruvidan o‘tkazilganligi haqida hech qanday hujjatlari bo‘lmagan va sifati kafolatlanmagan, 8 turdagi jami 230 ming 739 dona, taxminiy qiymati 200,12 million so‘mlik pirotexnika mahsulotlari borligi aniqlanib, ashyoviy dalil sifatida olindi.

Joriy yil boshidan bugungi kunga qadar, Sirdaryo viloyati bojxona boshqarmasi tomonidan huquqni muhofaza qiluvchi boshqa organlar bilan hamkorlikda 8 holatda qiymati 530 million so‘mlik, 825 ming 785 dona pirotexnika vositalarining noqonuniy savdosiga chek qo‘yildi.
Holatlar yuzasidan bojxona organlari tomonidan surishtiruv harakatlari olib borilmoqda.
Sh. Suyarov, O‘zA