Sirdaryo viloyati paxtakorlari erta bahorda 75 ming 500 gektar maydonga chigit qadab, rejadagi 250 ming tonna paxta xirmoni jamg‘arishni maqsad qilgan.
Sardoba tumanidagi "Sardoba Universal Klaster" paxta to‘qimachilik klasteri dalalarida joriy yilgi paxta yig‘im-terimi mavsumini uyushqoqlik bilan o‘tkazish, yetishtirilgan hosilni nes-nobud qilmasdan o‘z vaqtida va sifatli yig‘ib-terib olish masalalariga bag‘ishlangan seminar bo‘lib o‘tdi. Unda tegishli korxona va tashkilotlar mas’ullari, paxta-to‘qimachilik klasterlari rahbarlari ishtirok etdi.
Mavsumda yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan muammolarning oldini olish, terimchi va hasharchilarga yetarli shart-sharoit yaratish, mehnatga haq to‘lash masalalari muhokama qilindi.
Mavsumda majburiy mehnatga yo‘l qo‘ymaslik va boshqa holatlarning oldini olish maqsadida barcha tumanlarda paxta terimi markazlari tashkil etilgan. Terimga, asosan, paxta-to‘qimachilik klasterlari, fermer xo‘jaliklari ishchilari, muayyan mehnat bilan band bo‘lmaganlar va ko‘ngilli hasharchilar shartnomalar asosida jalb etiladi. Buning uchun esa terim otryadlari va otryad rahbarlari ro‘yxati shakllantirilib, elektron bazasi yaratilgan.

Mavsumda 769 ta terim otryadiga biriktirilgan 90 mingdan ortiq terimchi ishtirok etishi kutilmoqda. Ular zarur ashyolar bilan ta’minlanadi. Paxta dalasiga olib borib-kelish uchun avtobuslar biriktiriladi. Ayni vaqtda joylarda 79 ta yotoq joylari ham hozirlanmoqda. Yotoqlarning 62 tasi dala shiyponlari va fermer xo‘jaliklari tasarrufidagi binolarda joylashgan bo‘lsa, 17 tasi palatkalar yordamida tiklangan "Hasharchilar shaharchasi"dir.

200 kishiga mo‘ljallangan shaharchada hasharchilar yashashi va hordiq chiqarishi uchun barcha sharoitlar yaratilgan. Xususan, u yerda yotoqxona, dam olish xonasi, ovqatlanish uchun stol-stullar, tibbiyot, ma’naviyat xonalari, issiq suvli dush, hojatxona va boshqa sharoitlar mavjud. Palatkali yotoqxonalarda yangi choyshab, ko‘rpa-yostiq, yumshoq o‘rindiqlargacha jihozlab qo‘yilgan.

Seminarda «Paxta-2022» yig‘im-terimi mavsumiga start berildi. "Sardoba Universal Klaster" agroklasteriga qarashli paxta qabul qilish va qayta ishlash korxonasida mavsumning ramziy boshlanishi hisoblangan «Hosil karvoni» tadbiri bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda Sirdaryo viloyati hokimi, senator G‘ofurjon Mirzayev ishtrok etdi.
Shuhrat Suyarov, O‘zA