Sirdaryoda “Pasport-viza” tartibi amal qilmoqda
Sirdaryo viloyatida ham aholining sanitariya-epidemiologik osoyishtaligini taʼminlash va koronavirus kasalligini viloyat hududi boʻylab tarqalishini oldini olish hamda nazoratdan chiqarmaslikni taʼminlash maqsadida qator chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.
Sirdaryo viloyatida ham aholining sanitariya-epidemiologik osoyishtaligini taʼminlash va koronavirus kasalligini viloyat hududi boʻylab tarqalishini oldini olish hamda nazoratdan chiqarmaslikni taʼminlash maqsadida qator chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.
Viloyat hududiga koronavirus pandemiyasining kirib kelishi va tarqalishini oldini olish yuzasidan chora-tadbirlar dasturini tayyorlash boʻyicha viloyat maxsus komissiyasining yigʻilishi boʻlib oʻtdi. Unda viloyat boʻylab “Pasport-viza” tartibi joriy etilgani taʼkidlandi.
– Koronavirus pandemiyasini kirib kelishi va oldini olish maqsadida eʼlon qilingan karantin davrida joriy etilgan “Pasport-viza” tartibiga koʻra – viloyatimiz hududiga respublikamizning boshqa viloyatlaridan maqsadsiz, uzrli sabablarsiz fuqarolarning tashrifi, harakati va umuman viloyat hududida boʻlishlari ham cheklanadi, – deydi Sirdaryo viloyati IIB Axborot xizmati rahbari, kapitan Doston Shamsiddinov. – Karantin munosabati bilan viloyatning barcha shahar tumanlarida istiqomat qiluvchi fuqarolar aniq yashash manzillaridan boshqa shahar va tumanlarga hamda viloyat markaziga borib-kelishi ham cheklanadi. Ushbu tartibga rioya qilmagan har qanday shaxsga qonunda belgilangan tartibda qatʼiy choralar koʻriladi.
Turli tantanalar, marosimlar tashkil etish, oʻtkazish, mehmonga borish va mehmon chorlash kabi odatlar hozircha toʻxtatiladi. Qadrli hamyurtlar, “Pasport-viza” tartibiga rioya qiling, iltimos oʻzingizni ham, oʻzgalarni ham salomatligini xatarga qoʻymay, uyda qoling!
Bugun vaziyat sizu bizdan oʻzbekona mehmondoʻstligimizni vaqtincha orqaga surib turishni talab etmoqda. Oʻzini, yaqinlari, farzandlari, ota-onasi, doʻstu birodarlarini hurmat qilgan har qanday oʻzbek, har qanday oʻzbekistonlik, hatto, eng yaqin doʻstining uyiga ham mehmonga bormaydi. Kindik qoni tomgan yurtini sevgan, oʻzbek, oʻzbekistonlikman degan inson – hukumat tomonidan chiqarilgan barcha qonun-qoidalarga va talablarga boʻysunadi. Bir qorindan talashib tushgan birodari, jonu jigarlarining ham tavallud ayyomi boʻlsada, mehmonga bormaydi va oʻzinikiga ham chorlamaydi. Chunki karantin bizdan, har birimizdan shuni talab qiladi. Darhaqiqat, dunyo hamjamiyatida vaziyat qanchalik keskinlashib borayotganini, mamlakatimizda ham kasallanganlar soni kun sayin ortib borayotganini guvohi boʻlyapmiz. Bugun har birimizdan hushyorlik talab etiladi. Salomatligingiz qadriga yeting. Oʻzingizni, oilangizni, yaqinlaringizni, qolaversa yurtdoshlarimizni koronavirus balosidan asrang!
Unutmang, siz sogʻlom ekansiz, dunyodagi eng katta boy bu siz!