Sirdaryo viloyatida oqova suv tizimlarini takomillashtirishga qaratilgan yirik loyiha amalga oshirildi.
“Sirdaryo suv ta’minoti” aksiyadorlik jamiyati tashabbusi bilan Guliston, Shirin va Yangiyer shaharlarida yangidan qurilgan hamda ta’mirlangan oqova suv tozalash inshootlari faoliyatiga bag‘ishlangan press-turda jurnalistlar, blogerlar va sohaviy mutaxassislar amalga oshirilgan ishlar bilan yaqindan tanishdi. Ularga press-tur doirasida loyihaning ijtimoiy va ekologik ahamiyati xususida keng ma’lumotlar taqdim etildi.


– Mazkur loyihalarga 57,5 million AQSH dollari miqdorida pul mablag‘i yo‘naltirildi, – dedi “Sirdaryo suv ta’minoti” AJ direktori Shahboz Akramov. –Natijada 112,7 km oqova suv kollektorlari yangidan qurildi va rekonstruksiya qilindi, 13 ta nasos stansiyasi ta’mirlandi, 4 ta yangi nasos stansiyasi barpo etildi, shuningdek, 3 ta oqova suv tozalash inshootining quvvati kuniga 41 000 kub metrga yetkazildi.


Loyihaning to‘liq amalga oshirilishi natijasida Guliston, Shirin va Yangiyer shaharlarida yashovchi 141 ming nafardan ortiq aholining sanitariya va ekologik sharoiti yaxshilanishi kutilmoqda. Bu aholi salomatligiga ijobiy ta’sir ko‘rsatib, turli kasalliklar profilaktikasiga xizmat qiladi.
Shu bilan birga, atrof-muhitni muhofaza qilish, tabiiy suv manbalarini ifloslanishdan asrash bo‘yicha amalga oshirilgan ishlar ham yuqori baholandi.
G‘ulom Primov,Shahriyor Ortiqboyev (surat), O‘zA muxbirlari