Oqoltinlik Zohida Yunusaliyeva homiladorligining 30 haftasida yuqori qon bosimi, qorin sohasidagi og‘riq sabab Sirdaryo viloyati perinatal markaziga yotqizildi.
Markaz mutaxassislari tomonidan zarur tibbiy tekshiruvlar o‘tkazildi. Ammo, ahvol yaxshi emas. Tug‘ruqning faol fazasi, homilani dumba bilan kelish holati kuzatildi. Uning ustiga ona va bola hayoti xavf ostida. Tezkor chora, ko‘rsatilgan tibbiy yordam sabab ona va bola hayoti asrab qolindi. Unda kesarcha kesish yo‘li bilan jarrohlik amaliyoti o‘tkazildi. Ushbu amaliyot markaz akusher-ginekologlari Ruqiya Akmurzayeva, Yulduz Ukibayeva, navbatchi doya Shoira Toyloqova, neonatolog shifokor Ra’no Azizovalar tomonidan muvaffaqiyatli bajarildi.

– Hozir ancha yaxshiman, – deydi oqoltinlik Zohida. – Og‘ir ahvolda kelgandim. Rahmat barchasi uchun. Chaqalog‘im, ya’ni qizim homiladorligimni 30-haftaligida tug‘ildi. Vazni 1 kilogramm 675 gramm. Unga yaxshi niyat bilan Soliha deb ism qo‘ydik. Hozir u chaqaloqlar reanimatsiya bo‘limida. Shifokorlar ta’kidlaganidek, ona suti bilan oziqlantirilib, Kenguru metodi orqali parvarishlanyapti. Bundan tashqari, shart-sharoitlar a’lo darajada, muolajalar bepul. Shifokorlar va hamshiralar hol ahvolimni so‘rab, menga katta dalda bo‘lyapti.

– O‘tgan 2022 yilda Sirdaryo viloyati perinatal markazidagi tug‘ruqlar soni 6202 tani tashkil etgan bo‘lsa, shundan 468 nafar chaqaloq kam vaznli, muddatidan oldin tug‘ildi, – deydi Sirdaryo viloyati perinatal markazi direktori Xanifa Zokirova. – Muhimi, tibbiyot xodimlarimizning olib borayotgan sa’y-harakati, samarali mehnati sabab onalarni, qolaversa, kam vaznli, muddatidan avval tug‘ilgan chaqaloqlar hayoti asrab qolindi.
Sh. Suyarov, O‘zA