Viloyat markazi Guliston shahrida ham Navro‘z "Olam nurga to‘lsin sen bilan, Navro‘z" shiori ostida ommaviy sayil tarzida ko‘tarinki ruhda keng nishonlandi.
Navro‘zni sog‘ingan minglab sirdaryoliklar ertalabdan “Markaziy yurt bog‘i”, “Bilimdonlar maskani”, Amfiteatr maydoni, viloyat musiqali drama teatri hamda Madaniyat va istirohat bog‘iga oqib keldilar. Milliy urf-odatlarimiz, an’analarimizni o‘zida mujassam etgan Navro‘z ayyomi tantanasida shahar va tumanlar, boshqarmalar, korxona va tashkilotlar, muassasa va mahallalar tomonidan o‘ziga xos bayramona, bahoriy dekoratsiyalar va sahnalar tayyorlandi. Sayil maydonlariga so‘rilar o‘rnatilib, dasturxonlar bahoriy va milliy taomlarimiz bilan bezatildi. Doshqozonlarda oqshom bilan pishirilgan issiqina sumalaklar bolajonlarga ulashildi.
–O‘zbeklar o‘z qadriyatlarini, ko‘hna udum va urf- odatlarini, qadimiy bayramlarini e’zozlaydigan qalbi pok, mehnatsevar el ekanligi bilan ajralib turuvchi oliyjanob xalqdir,–deydi GulDU professori Ravshan Mahmudov. –Ayniqsa, bu bayram mustaqillik yillarida odamlar qalbiga yanada shukuhli va yodda qolarli shodiyona bo‘lib muhrlandi.
–Xalqimizda ozod va obod yurtga go‘zal bayramlar yarashadi, degan purma’no hikmatli gap bor.Navro‘zi olam yosh avlodni Vatanga, xalqqa sadoqat bilan xizmat qilishga undovchi qadriyatlarimizdan biri ekanligi bilan ham ahamiyatlidir,–deydi Boyovut tumanidagi 19-umumta’lim maktabi direktori, "El-yurt hurmati,"" Mehnat shuhrati"ordenlari sohibasi Muhtaram Hasanova.
Sayil doirasida ko‘plab el suygan san’atkorlar ishtirokida konsert dasturlari tashkil etilib, sportchi yoshlarning ko‘rgazmali chiqishlari, dor va milliy o‘yinlar musobaqalari, xalq amaliy san’ati – folklor namunalari, bir-biridan mazali milliy taomlar tanlovlari bayram fayziga yanada fayz qo‘shdi.
–Ko‘p yillardan buyon xalqaro musobaqalarda ishtirok etib kelaman. So‘nggi yillarda musobaqalar tufayli olis yurtlarda bo‘lib, Navro‘z bayramida qatnasholmasdim. Nihoyat bu yil viloyatimizda bo‘lib o‘tayotgan xalqimizning sevimli bayramida qatnashayotganimdan juda xursandman,–deydi sportning tosh ko‘tarish turi bo‘yicha jahon chempioni, "Mard o‘g‘lon" davlat mukofoti sohibi Javohir Qurbonov.
Kunning ikkinchi yarmida bayram shodiyonalari To‘ra Sulaymon nomidagi muhtasham amfiteatrda bo‘lib o‘tdi.
Dastlab Sirdaryo ahlini Navro‘z bayrami bilan viloyat xokimi, senator Akmaljon Mahmudaliyev qizg‘in muborakbod etdi.
[gallery-16575]
Bayram tadbiri san’at ustalari, el suygan xonandalar, madaniyat markazlari, badiiy havaskorlik va folklor jamoalari tomonidan teatrlashtirilgan yodda qolarli katta konsert dasturi bilan kechga qadar davom etdi.
Muxtasar aytganda, Navro‘z tantanalari sirdaryoliklar qalbida Vatanga muhabbat, ko‘hna qadriyatlarimizga hurmat, dorilomon kunlarimizga shukronalik tuyg‘ularini yanada yuksaltirishga xizmat qildi.
Shuhrat Suyarov, Shahriyor Ortiqboyev (surat),
O‘zA muxbirlari