Prezident topshiriqlari ijrosi nazoratda
Prezident Shavkat Mirziyoyev 7 aprel kuni Sirdaryoga tashrifi davomida viloyat innovatsion hududga aylantirilishi haqida gapirgan edi.
Xususan, Xitoy tajribasi asosida qoramol va parrandachilik eko-komplekslari, baliqchilik plantatsiyalari tashkil etish, shuningdek, yangi chorva naslini yaratish bo‘yicha mutaxassislarga bir qator topshiriq berilgan edi.
Prezident topshiriqlari ijrosi nazoratda, tashabbuslar esa amalda.
Chorvachilikning qoramolchilik va parrandachilik yo‘nalishi bo‘yicha zamonaviy eko-komplekslarni joriy etish bo‘yicha Xitoyning Tyanjin Kayteng investitsiya guruhi vakillari hamda Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish qo‘mitasi mutasaddilari o‘rtasida muzokaralar olib borilayotgan edi. Qo‘mita axborot xizmatidan xabar berilishicha bu bo‘yicha muzokaralar yakuniga yetgan.
Eslatib o‘tamiz, davlat rahbarining topshiriqlari ijrosini ta’minlash maqsadida Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish qo‘mitasi mutaxassislari va Tyanjin Kayteng investitsiya guruhi vakillari o‘rtasida bir necha marta muzokaralar bo‘lib o‘tdi.
Muloqot davomida Xitoyning chorvachilik sohasidagi ilg‘or texnologiyalari asosida Sayxunobod tumanida namunaviy chorvachilik kompleksini yaratish bo‘yicha investitsiya loyihasini amalga oshirishga kelishildi.
Shuningdek, viloyatning shart-sharoiti tubdan o‘rganilishi va loyihalar bo‘yicha biznes-reja ishlab chiqish masalalari keng muhokama qilindi.
Ikrom AVVALBOEV,
O‘zA muxbiri