Guliston davlat pedagogika institutida bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida ana shu savolga aniq raqamlar, amaliy misollar va rejalar orqali javob berildi. Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi Sirdaryo viloyati bo‘limi tashabbusi bilan o‘tkazilgan tadbirda hududda ma’naviy-ma’rifiy sohada amalga oshirilayotgan ishlar natijasi jamoatchilik e’tiboriga havola etildi.
Anjumanda ta’kidlanganidek, joriy yilda viloyat bo‘ylab mulkchilik shaklidan qat’iy nazar, 670 ta korxona va tashkilot bilan ikki tomonlama “yo‘l xaritalari” imzolanib, ma’naviy-ma’rifiy ishlar tizimli yo‘lga qo‘yildi. Har bir tashkilotda bu yo‘nalish uchun mas’ul xodimlar bo‘yicha axborot banki yangilanib, ishlarni muvofiqlashtirish va nazorat qilish mexanizmi kuchaytirildi.

Shu kunga qadar viloyatdagi 949 ta korxona va idora, maktablar hamda mahalla fuqarolar yig‘inlari faoliyati o‘rganilib, joylardagi holatdan kelib chiqqan holda aniq tavsiyalar berildi. Chekka hududlarda ham ma’rifat ishlarini faollashtirish maqsadida Shirin shahri hamda Mirzaobod va Xovos tumanlarining 50 ta mahallasida “Ma’rifat” radiouzellari ish boshladi.
Yoshlar masalasiga alohida e’tibor qaratildi. Viloyatning eng olis mahallalarida 750 marotaba “Kinokarvon” loyihasi o‘tkazilib, yoshlarni vatanparvarlik va faol fuqarolik ruhida tarbiyalashga xizmat qildi. “Ma’rifat” targ‘ibotchilar jamiyati a’zolari soni 710 nafarga yetkazilib, joylardagi targ‘ibot ishlari qamrovi kengaytirildi.

Qonunchilikdagi yangiliklar va islohotlar mazmun-mohiyatini aholiga yetkazish maqsadida davlat va jamoat tashkilotlarida “Siyosiy-ma’rifat soatlari” tashkil etildi. 221 ta mahallada Ma’naviyat va ma’rifat kengashlari faoliyati namunaviy yo‘lga qo‘yildi. Bularning barchasi ma’naviy-ma’rifiy ishlarning mahalladan tashkilotgacha uzviy zanjirda olib borilayotganini ko‘rsatadi.
Axborot-tahliliy ishlar ham faollashgan. Bo‘lim muassisligida ta’sis etilgan “Ma’naviy olam” gazetasi 1500 nusxada chop etilmoqda, ijtimoiy tarmoqlar uchun esa yuzlab videorolik, infografika va slaydlar tayyorlanib, keng jamoatchilikka yetkazilmoqda. Mirzaobod va Boyovut tumanlarida “Sayxunobod” tajribasi asosida tashkil etilgan “Ma’naviyat maskani” va “Ma’rifat kutubxonasi” komplekslari esa hududlarda yangi ma’rifiy muhit shakllanayotganidan dalolat beradi.

Matbuot anjumanida 2025 yil yakuniga qadar rejalashtirilgan vazifalar ham ochiq bayon etildi. Xususan, huquqiy savodxonlikni oshirishga qaratilgan oylik tadbirlar, “Milliy liboslar kuni”ni tizimli o‘tkazish, jamoatchilik va OAV bilan hamkorlikni yanada mustahkamlash ustuvor yo‘nalishlar sifatida belgilandi.
Eng muhimi, matbuot anjumanida nafaqat ma’naviy-ma’rifiy sohada 2025 yilda amalga oshirilgan ishlar sarhisob qilindi, balki kelgusidagi rejalar ham batafsil ravishda OAV vakillariga taqdim etildi. Tadbirda ishtirok etgan jurnalistlar va blogerlar qiziqtirgan savollarga ochiq va aniq javob oldilar, bu esa sohadagi ishlarga shaffoflik va jamoatchilik nazoratini ta’minlashda muhim qadam hisoblanadi.

G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri