Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Sirdaryoda Konstitutsiya kuni nishonlandi
16:55 / 2024-12-07

Respublikamizning barcha hududlarida bo‘lgani kabi Sirdaryoda ham tinch va farovon hayotimizning muhim kafolati hamda mustahkam huquqiy poydevori bo‘lgan Bosh qomusimiz –O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinganligining 32 yilligi ko‘tarinki kayfiyat bilan nishonlanmoqda.

Ushbu sana munosabati bilan Guliston shahridagi  viloyat musiqali drama teatrida "Konstitutsiya– o‘zligimiz, milliy qadriyat va an’analarimiz himoyachisi" shiori ostida o‘tkazilgan bayram tadbiri  esa O‘zbekiston Respublikasi davlat madhiyasi bilan boshlandi.

Unda  huquqni muhofaza qilish idoralari, xalq ta’limi, sog‘liqni saqlash tizimi jamoalari, shuningdek, qator korxona va tashkilotlar, muassasalar rahbarlari hamda ommaviy axborot vositalari vakillari, faxriylar va nuroniylar, o‘quvchi va talabalar qatnashdi.

Bayram tadbirida  Sirdaryo viloyat hokimi Akmaljon Mahmudaliyev yig‘ilganlarni, barcha sirdaryoliklarni  qutlug‘ sana– davlatimiz Konstitutsiyasi qabul qilingan kun  bilan samimiy muborakbod etdi.

Bundan 32 yil muqaddam  qabul  qilingan  O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi hech shubhasiz, mamlakatimiz tarixida yangi davrni boshlab berganligi,  yurtimizda huquqiy demokratik davlat, erkin bozor munosabatlari va xususiy mulk ustuvorligiga asoslangan iqtisodiyotni qurish, xalqimiz uchun farovon hayot barpo etish, O‘zbekistonning xalqaro maydonda munosib o‘rin egallashida  mustahkam  poydevor bo‘lib xizmat qilayotgani  ta’kidlandi.

Shundan so‘ng Sirdaryo viloyat prokurori o‘rinbosari Sherzod Artikbayev so‘zga chiqib, yangi tahrirdagi Konstitutsiyamiz, unga kiritilgan o‘zgartirishlar to‘g‘risida gapirdi.

–Konstitutsiya xalqimizga xizmat qilmoqda. Yangi tahrirdagi Konstitutsiyaga o‘zgartirish kiritilish jarayonida professor, faylasuf olim sifatida bevosita ishtirok etganim, o‘z takliflarimni berganim, bu takliflarim ijobat bo‘lganidan  hali- hamon xursandman,–deydi Guliston davlat universiteti professori Ravshanbek Mahmudov. –Davlatimiz rahbarining kuni kecha O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 32 yilligi munosabati bilan xalqimizga  yo‘llagan tabrigi ham har bir kishiga g‘urur va faxr tuyg‘usini baxsh etadi, deya ayta olaman. Buni bugun Guliston shahrida o‘tkazilgan bayram tadbiri davomida yana bir bor his etdim.

[gallery-20753]

Tadbirning badiiy qismida el suygan san’atkorlar tomonidan tayyorlangan sahna ko‘rinishlari, Vatanni madh etuvchi kuy va qo‘shiqlar, milliy va zamonaviy raqslar namoyish etildi.

G‘ulom Primov,

Shahriyor Ortiqboyev (surat), O‘zA muxbirlari