Sirdaryoda aholiga ko‘rsatilayotgan tibbiy xizmat sifatini oshirish, aholini tibbiyot muassasalariga emas tibbiyot sohasi vakillarini aholiga yaqinlashtirish maqsadida tizimidagi birlamchi tibbiy-sanitariya yordami muassasalarida kasalliklar profilaktikasi va davolash faoliyati bo‘yicha yangi tizim joriy etildi.
Ilgarilari o‘tkazilgan profilaktik va chuqurlashtirilgan tibbiy ko‘riklar o‘rniga maqsadli skrining, total patronaj xizmati tizimi o‘rniga esa hamshiralikning universal-progressiv patronaj tizimi yo‘lga qo‘yildi.
Oldinlari birlamchi tibbiy-sanitariya muassasalarida faoliyat olib borgan Umumiy amaliyot shifokori (UASH) Oilaviy shifokorlarga aylantirilib, ularning funksiya va vazifalari belgilab berildi.
Yangi tartib asosida tashkil etilgan Oila shifokorlari mahallabay tizimda ish olib boradi. Viloyatdagi 236 ta mahalla, unda istiqomat qilayotgan aholiga malakali tibbiy xizmat ko‘rsatish uchun tizimdagi birlamchi tibbiy-sanitariya muassasalarida 421 ta “Tibbiy brigadalar” tashkil etildi va ular tomonidan aholini barcha qatlami qamrab olindi.
Ushbu ishni to‘g‘ri yo‘lga qo‘yish maqsadida Sog‘liqni saqlash boshqarmasi tizimida faoliyat olib borayotgan mutaxassislardan 10 nafari Toshkentda malaka oshirib qaytgan edi. Ular tomonidan Gulistonda shu soha vakillari uchun o‘quv seminari ham tashkil etilib, ular malakasi oshirildi.
Shuningdek, bu ishni to‘g‘ri yo‘lga qo‘yish uchun qo‘shimcha shtatlar ajratilib, 268 nafar o‘rta tibbiyot xodimi muqim ish joylari bilan ta’minlandi. Endi ular yangi tizim bo‘yicha faoliyat yuritib, aholi salomatligini mahallabay va ko‘chabay o‘rganib, ularga tibbiy xizmat ko‘rsatadi.
Shuhrat Suyarov, O‘zA