Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Sirdaryoda Kasaba uyushmalari xodimlari kuni tantanali nishonlandi
16:31 / 2025-11-10

Guliston shahridagi “Zomin” tantanalar uyida O‘zbekiston kasaba uyushmalarining 120 yilligi hamda Kasaba uyushmalari kuni munosabati bilan tantanali tadbir tashkil etildi.

Bayramda Sirdaryo viloyati hokimi vazifasini bajaruvchi Erkinjon Turdimov, O‘zbekiston aviatsiya xodimlari kasaba uyushmasi Respublika kengashi raisi Alisher Mullabekov, O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi Sirdaryo viloyati Kengashi raisi Rustambek Tursunmurodov, hamkor tashkilotlar vakillari, yirik ish beruvchilar, kasaba uyushmalari faollari, faxriylar va yoshlar ishtirok etishdi.

Viloyat rahbari Erkinjon Turdimov so‘zga chiqib, jamiyatda mehnatkashlar manfaatlarini himoya qilish, ishchi va xodimlar uchun munosib mehnat va dam olish sharoitlari yaratishda kasaba uyushmalarining o‘rni beqiyos ekanini ta’kidladi.

Kasaba uyushmalari Federatsiyasining Sirdaryo viloyati Kengashi mehnatkashlarning ijtimoiy himoyasi va inson manfaatlarini ta’minlashda keng ko‘lamli ishlar amalga oshirib kelmoqda. Hozirgi kunda viloyatda 1 392 ta boshlang‘ich tashkilot orqali 198 591 nafardan ziyod a’zolar birlashgan.

Eng muhim loyihalardan biri — “Yangiyer” sanatoriysining 7,85 milliard so‘m mablag‘ evaziga qayta ta’mirlanishi bo‘ldi. Shuningdek, Zomin va Sirdaryo tumanidagi bolalar oromgohlari modernizatsiya qilindi: jami 9 293 nafar bola statsionar, 11 182 nafar bola esa kunduzgi oromgohlarda sog‘lomlashtirildi.

Viloyatda 621 ta mehnat yarmarkasi tashkil qilindi va ular orqali 9 006 nafar ishsiz fuqaro ishga joylashtirildi. Mehnat munosabatlari yuzasidan 27 ta da’vo arizasi sudlarga taqdim etilib, 495 nafar ishchi-xodimning 3,18 milliard so‘mlik ish haqi undirildi.

Mehnat muhofazasi va huquqiy nazorat sohasida ham sezilarli natijalar qayd etildi. 2020–2025 yillarda 174 ta korxonada jamoatchilik nazorati o‘tkazilib, 495 ta qonunbuzarlik holati aniqlandi va ularning 91 foizi bartaraf etildi. Mehnat muhofazasi bo‘yicha saylangan 1 872 nafar vakil 30 985 ta kamchilikni aniqladi, shundan 25 926 tasi hal qilindi. Ish paytida jarohat olgan va boquvchisini yo‘qotgan 147 nafar fuqaroga huquqiy yordam ko‘rsatildi va sud orqali 1,46 milliard so‘mlik zarar undirildi.

Ma’naviy-ma’rifiy faoliyatda ham salmoqli ishlar amalga oshirildi. 2020–2025 yillarda 587 ta ma’naviy-ma’rifiy tadbir, 256 ta teatr, 227 ta muzey va 500 ga yaqin madaniy ob’ektlarga tashriflar uyushtirildi. Shuningdek, 8 680 nafar ishchi-xodim uchun mahalliy, 17 755 nafar uchun esa tarixiy shaharlarga sayohatlar tashkil qilindi.

Tadbir davomida bir guruh kasaba faollari Sirdaryo viloyat hokimligining faxriy yorliqlari bilan taqdirlanishdi. Shuningdek, kasaba uyushmalari faoliyatiga yordam berib kelayotgan rahbarlar, yirik ish beruvchi va faol xodimlar faxriy yorliq va esdalik sovg‘alari hamda «O‘zbekiston kasaba uyushmalari harakatining 120 yilligi» esdalik nishoni bilan taqdirlanishdi.

Bayramda ishtirok etgan yoshlar ham o‘z minnatdorlik va quvonchlarini izhor etishdi.

– Men uchun bu bayram o‘zgacha bo‘ldi, –  deydi Guliston davlat pedagogika instituti pedagogika fakulteti III-bosqich talabasi Mohinur Xolto‘rayeva. –  Oliy ta’lim muassasalarida tahsil olayotgan iqtidorli talabalarni qo‘llab-quvvatlash tanlovining g‘olibi sifatida viloyat Kengashi raisi Rustambek Tursunmurodovdan kasaba uyushmalari stipendianti sertifikatini qabul qildim. Yoshlariga g‘amxo‘r, inson qadri ulug‘ bo‘lgan yurt farzandi ekanligimdan cheksiz faxrlanaman.

Mirzaobod tuman politexnikumi kutubxonachisi Rohatoy Xoljigitova ham bayramdan katta taassurot oldi. U O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi tasarrufidagi sanatoriyda bepul sog‘lomlashtirish yo‘llanmasini olgach, hayajonini yashirmadi.

Bayramda  O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artistlar Sobirjon Mo‘minov va Asadulla Xoliqov,  shuningdek, kasaba uyushmalari viloyat Kengashi tashabbusi bilan o‘tkazilgan maqom ko‘rik-tanlovi g‘oliblari  o‘zlarining eng yaxshi qo‘shiqlaridan ijro etishib, yig‘ilganlarga quvonch bag‘ishlashdi.

G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri