English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Sirdaryoda inklyuziv ta’lim rivojlanmoqda
15:12 / 2025-08-13

Sirdaryo viloyatida psixologik-tibbiy-pedagogik komissiyaning navbatdagi qabullari o‘tkazilib, alohida ta’lim ehtiyojiga ega bolalarning rivojlanishi kompleks baholandi va ular uchun mos ta’lim turi aniqlandi.

Tekshiruv natijasida bolalar shaxsiy salohiyati va ehtiyojlaridan kelib chiqib, ixtisoslashtirilgan maktab-internat, inklyuziv sinf, “G‘amxo‘rlik” guruhi, kunduzgi parvarish xizmati yoki uy sharoitida ta’limga yo‘naltirildi.

Ijtimoiy himoya milliy agentligi Sirdaryo viloyati boshqarmasiningshu’ba rahbari Yaqubjon Shukurov ta’kidlaganidek, komissiya xulosalari har bir bolaning individual rivojlanish imkoniyatlariga asosan beriladi. — Maqsadimiz — ularning ta’lim olishi, o‘sishi va jamiyat hayotida to‘laqonli ishtirokini ta’minlash, — dedi u.

Guliston shahrida istiqomat qiluvchi Feruza Ortiqova farzandi ilk bor komissiya ko‘rigidan o‘tib, inklyuziv sinfda o‘qishi uchun tavsiya etilganini ma’lum qildi.   — Farzandim tengdoshlari bilan birga ta’lim olishi orzum edi. Endi u maktab muhitida o‘z o‘rnini topish imkoniga ega bo‘ladi”, — deya o‘z mamnuniyatini bildirdi u.

Sirdaryo tumanida yashovchi Nodira Otajonova esa 2015 yilda tug‘ilgan farzandi avval maxsus maktab-internatda ta’lim olgani, komissiya xulosasiga ko‘ra, endilikda uyda o‘qitilishi belgilanganini ta’kidladi.          — O‘qituvchilar uyimizga kelib mashg‘ulotlar o‘tadi. Bu uning oila bag‘rida erkin va xotirjam rivojlanishiga xizmat qiladi”, — dedi u.

Viloyatda bunday qabullar muntazam o‘tkazilib, yuzlab bolalar uchun qulay shart-sharoitlar yaratilmoqda. Bu jarayon ta’lim sohasidagi islohotlarning amaliy samarasi sifatida har bir bolaga qobiliyatini ro‘yobga chiqarish, jamiyatda teng huquqli ishtirok etish va kelajakda mustaqil hayotga qadam qo‘yish imkoniyatini taqdim etmoqda.

G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri