Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Sirdaryoda ichimlik suvi ta’minoti yanada yaxshilanmoqda
08:50 / 2021-07-25

Guliston tumanidagi “Zarbdor” hududida joylashgan “Shimoliy” suv inshootida ichimlik suvi ta’minotida amalga oshrilayotgan islohotlar va kelgusi rejalar mavzusiga bag‘ishlangan matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi. Unda OAV vakillari, jurnalistlar, blogerlar va soha vakillari ishtirok etdi.

– Yurtimizda ichimlik suvi ta’minoti tizimini rivojlantirish, aholini sifatli ichimlik suvi bilan ta’minlash ijtimoiy siyosatning ustuvor yo‘nalishlaridan biri hisoblanadi, – deydi viloyat hokimining o‘rinbosari A.Xojimatov. 

– Shuni alohida ta’kidlab o‘tish kerakki, iste’molchilarga toza ichimlik suvini yetkazib berish aholiga ko‘rsatilayotgan hayotiy muhim xizmatlardan biridir. Buni e’tiborga olgan holda ichimlik suvi ta’minoti tizimini rivojlantirish yo‘lida muhim dasturlar va loyihalar izchillik bilan amalga oshirilmoqda. Shahar va tumanlarda, shu jumladan, qishloq joylarda suv ta’minoti holatini yaxshilash yo‘lida bir necha qaror va farmonlar imzolandi. 

Viloyatda markazlashtirilgan suv ta’minoti asosida “Zomin”, “Beshbuloq”, “Baliqchi” yer osti suv manbalaridan hamda tuman va shahar hududlaridagi alohida turgan tik quduqlar orqali iste’molchilarga ichimlik suvi yetkazib beriladi. bugungi kunda viloyatdagi 82,2 foiz aholi markazlashgan ichimlik suvi bilan ta’minlangan, qolgan aholi alternativ ichimlik suvi manbaalari va maxsus transport vositalari orqali ichimlik suvidan foydalanmoqda.  

Markazlashtirilgan ichimlik suvi bilan ta’minlanish bo‘yicha Sirdaryo viloyati respublikada Toshkent shahar (98,9 foiz) va Andijon viloyatlaridan (82,4 foiz) keyin 3-o‘rinda turibdi. 2016 yil boshida viloyatning markazlashtirilgan ichimlik suvi bilan ta’minlanish darajasi 63,1 foizni tashkil etgan. 2016 yildan 2020 yilgacha 1,1 trln. so‘m mablag‘lar hisobidan 2,1 ming kilometr masofada ichimlik suv tarmoqlari qurilib, tumanlarning chekka qishloqlaridagi 150 ming nafarga yaqin aholisi ilk bor ichimlik suvi bilan ta’minlandi. 

2010-2015 yillarda 160,0 mlrd. so‘m mablag‘lar hisobidan 0,5 ming km masofada ichimlik suv tarmoqlari yotqizilgan. Birgina Sardoba tumanida 2016 yildan bugungi kunga qadar 233,2 mlrd. so‘m mablag‘ hisobidan 263,4 km masofada ichimlik suvi tarmoqlari yotqizilib, ta’minlanish darajasi 66,4 foizga yetgan bo‘lsa, Oqoltin tumanida 142,9 mlrd. so‘m mablag‘ hisobidan 230,1 km masofada ichimlik suv tarmoqlari yotqizilib, ta’minlanish darajasi 90,0 foizga, Xovos tumanida esa 236,6 mlrd. so‘m mablag‘ hisobidan 467,0 km masofada ichimlik suv tarmoqlari yotqizilib, ta’minlanish darajasi 74 foizga qamrab olingan. Bunday ko‘rsatkichlarni yana bir necha tuman va shaharlar misolida ko‘rish mumkin.

Matbuot anjumanida barcha hududlarning kelgusida toza ichimlik suvi bilan to‘la ta’minlanishi, ichimlik suvi sifati, suv isrofgarchiligining oldini olish, ko‘p qavatli uy-joylarning eskirgan ichki suv tizimidagi nosozliklar tufayli ro‘y berayotgan kamchiliklarni bartaraf etishda ko‘rilayotgan chora-tadbirlar, loyihalarni moliyalashtirish manbalari, istiqbolda amalga oshirilishi rejalashtirilgan loyihalar haqida ma’lumot berildi.

Sh.Suyarov, F.Toshmatov (surat), O‘zA