Guliston shahridagi Sirdaryo viloyati musiqali drama teatrida 8-mart – Xalqaro xotin-qizlar kuni munosabati bilan tantanali bayram tadbiri bo‘lib o‘tdi.
Unda viloyatning barcha hududlaridan turli sohalarda samarali mehnat qilib, mamlakatimizda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlarda faol ishtirok etayotgan, oila mustahkamligi va farovonligiga munosib hissa qo‘shayotgan, sog‘lom va barkamol avlodni voyaga yetkazish, mahallalarda ma’naviy-axloqiy muhitni mustahkamlash hamda milliy qadriyatlarni targ‘ib etish yo‘lida fidokorona mehnat qilayotgan xotin-qizlar ishtirok etdi.

Tadbirda so‘z olgan viloyat hokimi Erkinjon Turdimov yig‘ilganlarni bayram bilan samimiy tabrikladi. Ta’kidlanganidek, yurtimizda xotin-qizlarning huquq va manfaatlarini ta’minlash, ularning jamiyat hayotidagi o‘rni va nufuzini oshirish davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biriga aylangan. Ayol — hayot va millat davomchisi, mehr-oqibat va ezgulik timsoli sifatida yurtimiz taraqqiyotida munosib o‘rin tutayotgani alohida qayd etildi.
Shuningdek, viloyatda turli sohalarda samarali mehnat qilib, fidoyiligi va tashabbuskorligi bilan jamoatchilik orasida hurmat qozonayotgan ayollar ko‘p ekani ta’kidlandi. Ayniqsa, yuksak davlat mukofotlariga sazovor bo‘lgan sirdaryolik ayollar, jumladan, Zulfiya nomidagi Davlat mukofoti sohibalari bo‘lgan ijodkor qizlar alohida e’tirof etildi.

Tantanada Shavkat Mirziyoyev Farmoniga ko‘ra II darajali «Salomatlik» ordeni bilan taqdirlangan Guliston shahar ko‘p tarmoqli markaziy poliklinikasi pediatri Elvira Mansurskaya hamda «Shuhrat» medaliga sazovor bo‘lgan Boyovut tumanidagi “Boyovut agropilla” mas’uliyati cheklangan jamiyati pillachisi Zulayxo Bo‘tayevaga yuksak mukofotlar tantanali ravishda topshirildi.
Mukofot sohibasi Elvira Mansurskaya o‘z navbatida ko‘rsatilayotgan yuksak e’tibor va e’tirof uchun minnatdorlik bildirib, shunday dedi:
– Bu mukofotni nafaqat o‘z mehnatim, balki sog‘liqni saqlash tizimida fidokorona mehnat qilayotgan barcha hamkasblarimning mehnatiga berilgan yuksak baho, deb qabul qilaman. Davlatimiz tomonidan tibbiyot xodimlariga yaratilayotgan sharoit va e’tibor bizga yanada mas’uliyat bilan ishlash, bolalar salomatligini asrash yo‘lida bor kuch-g‘ayratimizni safarbar etishga ruhlantiradi. Kelgusida ham yurtimizda sog‘lom va barkamol avlodni tarbiyalash yo‘lida sidqidildan xizmat qilishni o‘zim uchun katta sharaf, deb bilaman.

Shuningdek, turli sohalarda fidoyilik ko‘rsatayotgan, tadbirkorlikda yutuqlarga erishgan, mahalla tizimida faollik ko‘rsatayotgan 35 nafar ijtimoiy siyosiy faol ayollar viloyat hokimligining Faxriy yorliqlari bilan taqdirlandi.
Tadbir bayramona konsert dasturi bilan davom etdi. Teatr san’atkorlari tomonidan tayyorlangan sahna ko‘rinishlari, kuy-qo‘shiq va raqslar ishtirokchilarga ko‘tarinki kayfiyat bag‘ishladi.
G‘ulom Primov, O‘zA