Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Sirdaryoda ham fidoyi tibbiyot xodimlari taqdirlandi
11:21 / 2023-11-12

Mamlakatimizda har yili noyabr oyining ikkinchi yakshanbasi tibbiyot xodimlari kuni sifatida keng nishonlanib kelinmoqda. Shifokorlik nafaqat ulug‘vor va sharafli kasb, balki katta mas’uliyat, mushkul va kutilmagan voqealarga doimo tayyor turish, atofdagilar dardini his etib, ularga o‘z vaqtida yordam berish fidoiylikdir.

Ana shunday fidoyilarning bir guruhi Guliston shahridagi "Navro‘z” tantanalar uyida jam bo‘lishdi. Tadbirda Sirdaryo viloyati hokimi, senator Akmaljon Mahmudaliyev O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tibbiyot xodimlariga yo‘llagan tabrikni o‘qib eshittirdi. Shuningdek, hokim bugungi kunda tibbiyot sohasiga qaratilayotgan e’tibor, bu yo‘nalishda yaratilgan shart-sharoitlar hamda viloyatda erishilayotgan yutuqlar haqida atroflicha to‘xtaldi.

Samimiy tilaklar bildirilib, sohaning eng faollariga davlatimizning yuksak orden va medallari, "Sog‘liqni saqlash a’lochisi” hamda "Sirdaryo viloyatining 60 yilligi" ko‘krak nishonlari tantanali ravishda topshirildi.

[gallery-14563]

– Bu yilgi tibbiyot xodimlari kuni mening hayotimda o‘chmas iz qoldirdi, –deydi Oqoltin tumani tibbiyot birlashmasi terapiya bo‘limi mudiri Xurshida Ahmadaliyeva.–Kamtarona mehnatlarim yuksak qadrlanib, Prezidentimiz farmoni bilan "Salomatlik"ordeni bilan taqdirlandim. Ushbu davlat mukofoti zamirida jafokash oqoltinlik hamkasblarimning ham samarali mehnati borligini qalbdan his etdim. Bu e’tiborga javoban xalqimiz salomatligi yo‘lida yanada shijoat bilan mehnat qilishni o‘z oldimga maqsad qilib qo‘ydim. 

Bayram tadbiri san’at ustalari hamda badiiy havaskorlik jamoalari ishtirokidagi konsert dasturi bilan davom etdi.

Sh.Suyarov, Sh. Ortiqboyev (surat), O‘zA muxbirlari