Guliston shahridagi Teatr maydonida Vatanimiz mustaqilligining 33 yilligiga bag‘ishlab o‘tkazilgan “Eng ulug‘, eng aziz” an’anaviy ko‘rik-tanlovning viloyat bosqichi g‘olib va sovrindorlarini taqdirlash marosimi o‘tkazildi.
Tadbirda viloyat hokimining o‘rinbosari Shohrux Isoqulov, Jurnalistlar uyushmasi Sirdaryo viloyati bo‘limi raisi Boyjigit Abdullayev ishtirok etib, turli yoshdagi ijodkorlarning ijodiy ishlari nufuzli hay’at a’zolari tomonidan baholanganini alohida qayd etdi.
Hakamlar hay’ati tomonidan “Yangi Sirdaryo” gazetasi bo‘lim mudiri Muhammadali Ahmad “Bosma ommaviy axborot vositalari xodimlarining jurnalistik asarlari” yo‘nalishi, Sirdaryo viloyati adliya boshqarmasi jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi boshlig‘i Dilnoza Umrzoqova “Internet jurnalistikasi” yo‘nalishi, Sirdaryo viloyati teleradiokompaniyasi teleboshlovchisi Nigora Hakimova “Televideniye va radio xodimlarining materiallari” yo‘nalishi, O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasining a’zosi, faxriy jurnalist Elmurod Mavlonov "Publistik janrdagi eng yaxshi kitob" yo‘nalishi, O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasining a’zosi, faxriy jurnalist Yanglish Hasanova "Yozuvchi va shoirlarning badiiy asarlari" yo‘nalishi, YATT “Chariyev Abdulvohid To‘rayevich” dizayneri Humoyun Hamidullayev "Tasviriy san’at, foto asarlari va dizayin ishlari" yo‘nalishi bo‘yicha g‘olib deb topildi.
– O‘zbekiston barchamiz uchun dunyodagi eng yaxshi mamlakatdir,– deydi “Bosma ommaviy axborot vositalari xodimlarining jurnalistik asarlari” nominatsiyasi g‘olibi, “Yangi Sirdaryo” gazetasi bo‘lim mudiri Muhammadali Ahmad. – Bugun bizda tinchlik va farovonlik hukm surmoqda. Biz, jurnalistlar, bugungi kun voqeligi haqida katta ilhom bilan yozamiz. Sirdaryo viloyati ijtimoiy-iqtisodiy hayotida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli ishlarni yoritgan maqolalarimiz munosib baholangani uchun minnatdorlik bildiramiz.
Xullas, ko‘rik-tanlovning viloyat bosqichi yakunida har bir nominatsiya bo‘yicha g‘olib va sovrindorlar tashkilotchilar tomonidan diplom va qimmatbaho sovg‘alar bilan taqdirlandi.
G‘ulom Primov, O‘zA