Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Sirdaryoda emlash qamrovi 99 foizga yetdi
13:10 / 2025-08-02

Sirdaryo viloyatida 1 yoshgacha bo‘lgan bolalarni profilaktik emlash bilan qamrab olish darajasi 99 foizni tashkil etdi. Joriy yilda 67 652 nafar boladan 67 416 nafariga vaksinalar qo‘llanilgan. Shuningdek, 2 yoshgacha bo‘lgan bolalar orasida emlash qamrovi 97,9 foiz, 2 yoshdan katta bolalar orasida esa 99 foizni tashkil etmoqda.

Bu haqda Sog‘liqni saqlash vazirligi huzuridagi Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qo‘mitasining Sirdaryo viloyati boshqarmasi tomonidan tashkil etilgan matbuot anjumanida ma’lum qilindi. “Yuqumli kasalliklarni oldini olishda immunoprofilaktika tadbirlarining ahamiyati” mavzusidagi tadbirda jurnalistlar, blogerlar hamda soha mutaxassislari ishtirok etishdi.

Boshqarma boshlig‘i Jo‘rabek Hasanovning ta’kidlashicha, viloyatdagi barcha emlash punktlari vaksinalar bilan 100 foiz ta’minlangan. 13 turdagi yuqumli kasallikka qarshi rejali emlashlar Milliy emlash taqvimi asosida tizimli ravishda amalga oshirilmoqda.

Epidemiologik ko‘rsatmalar asosida, shu kungacha 34 714 nafar aholi va bolalar qizamiq kasalligiga qarshi emlangan. Shuningdek, 6 oydan 30 yoshgacha bo‘lgan aholining qizamiqqa qarshi emlanganlik holati tahlil qilindi. 484 547 nafar fuqaroning 92,4 foizi ikki va undan ortiq marta, 5,4 foizi bir marta emlangan. 1 foizning tibbiy hujjati mavjud emas, 0,8 foizi esa umuman emlanmagan.

Viloyatda 149 ta emlash punkti faoliyat yuritmoqda, shulardan 136 tasida vaksinator tibbiyot xodimlari bor. Qolgan 13 muassasada maxsus shtat birligi ajratilmagan bo‘lib, 3 ta poliklinikada patronaj hamshiralari emlash ishlarini amalga oshirmoqda.

Emlash uchun zarur bir marotabalik shpritslar bilan ta’minlash darajasi viloyat bo‘yicha 95 foizni tashkil etadi. Masalan, Guliston shahrida bu ko‘rsatkich 96,7 foiz, Sardoba tumanida esa 76,1 foizni tashkil qilmoqda.

Immunoprofilaktika tadbirlari natijasida viloyatda poliomiyelit, ko‘kyo‘tal, virusli gepatitlar, qizamiq, koronavirus, pnevmokok va boshqa yuqumli kasalliklar bilan kasallanish holatlari keskin kamaygani qayd etildi.

Jo‘rabek Hasanov ta’kidlaganidek, boshqariluvchi yuqumli kasalliklarni to‘liq nazoratga olishda faqat tibbiy choralar yetarli emas. Bu borada ommaviy axborot vositalari, ijtimoiy tarmoqlar, maktab va mahalla miqyosida o‘tkazilayotgan tibbiy-ma’rifiy uchrashuvlar ham hal qiluvchi ahamiyat kasb etadi. Fuqarolarni xabardor qilish, emlashning foydali oqibatlarini ommaga yetkazish orqali jamiyatda ongli munosabat shakllantirilayotgani qayd etildi.

Matbuot anjumani yakunida soha mutaxassislari OAV vakillari tomonidan berilgan savollarga ilmiy asoslangan, aniq va atroflicha javoblar berishdi.

G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri