Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Sirdaryoda elektr ta’minoti yangi bosqichga ko‘tarilmoqda
18:20 / 2025-12-01

Sirdaryo viloyatida elektr ta’minotining barqarorligi va ishonchliligini oshirish maqsadida 270.8 kilometr uzunlikdagi 0,4–10 kV tarmoqlar hamda 81 ta transformator punktini qurish ishlari boshlandi. Loyihalar O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2024 yil 11 sentyabrdagi "Energetika sohasiga xorijiy investitsiyalarni keng jalb qilish va qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanishni yanada kengaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida" gi farmoni ijrosini ta’minlash doirasida amalga oshirilmoqda.

Ayni vaqtda Sirdaryo tumani Yangiobod mahallasida 1,3 kilometr uzunlikdagi 0,4–10 kVli elektr uzatish tarmoqlarini barpo etish ishlari jadal davom etmoqda. Yangilanayotgan tarmoq aholini uzluksiz energiya bilan ta’minlash, mavjud yuklamani kamaytirish va xizmat sifatini oshirishga xizmat qiladi.

“Hududiy elektr tarmoqlari” AJ Sirdaryo hududiy filiali mutasaddilariga ko‘ra, mazkur loyihalar hududdagi elektr ta’minoti tizimini kompleks takomillashtirishning muhim bosqichini tashkil etadi.

–  Elektr tarmoqlarini modernizatsiya qilish — bu faqat infratuzilmani yangilash emas, balki odamlarning hayot sifati va hudud iqtisodiy salohiyatini oshirishga qaratilgan muhim qadamdir, –  deydi filialning Kapital qurilish bo‘limi boshlig‘i Abror To‘rabekov.  – Yangilangan tarmoqlar va transformatorlar orqali Sirdaryo tumanida uzilishlar sezilarli darajada kamayadi, iste’molchilarga yanada ishonchli va barqaror energiya yetkazib beriladi. Bu nafaqat uy xo‘jaliklari va ijtimoiy ob’ektlarning, balki mahalliy tadbirkorlik va korxonalar faoliyatining samaradorligini ham oshiradi. Filial jamoasi har bir loyihani o‘z vaqtida va sifatli amalga oshirishni ustuvor vazifa sifatida belgilagan. Biz aholi va iqtisodiyot uchun yaratilgan qulayliklarni aniq va barqaror natijalarga aylantirishga e’tibor qaratmoqdamiz.

Muhimi, Sirdaryo viloyatida energotizimni modernizatsiya qilish natijasida uy xo‘jaliklari, ta’lim va tibbiyot muassasalari, ishlab chiqarish korxonalari va tadbirkorlik sub’ektlari uchun qulay shart-sharoitlar yaratilishi kutilmoqda. Bu esa aholini barqaror va uzluksiz elektr energiyasi bilan ta’minlash imkoniyatlarini kengaytiradi.

G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri