O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2024 yil 11 sentyabrda qabul qilingan “Energetika sohasiga xorijiy investitsiyalarni keng jalb qilish va qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanishni yanada kengaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni mamlakat energetika tizimini tubdan yangilash va uni barqaror rivojlantirishga qaratilgan muhim strategik hujjat hisoblanadi.
Farmonda energetika sohasidagi mavjud infratuzilmani modernizatsiya qilish, yangi ishlab chiqarish quvvatlarini barpo etish, elektr ta’minotining barqarorligini ta’minlash hamda raqamlashtirilgan boshqaruv tizimlarini joriy etish orqali tarmoqlarning investitsiyaviy jozibadorligini oshirish ustuvor vazifalar sifatida belgilangan.

Energiya resurslariga bo‘lgan talab yil sayin oshib borayotgan sharoitda, 2030 yilga qadar elektr energiyasini tashish va taqsimlash tarmoqlarini modernizatsiya qilish, yangi quvvatlarni ishga tushirish rejalashtirilgan. Bu orqali elektr ta’minotidagi uzilishlarni bartaraf etish, texnik yo‘qotishlarni kamaytirish va aholi hamda iqtisodiyot tarmoqlariga ko‘rsatilayotgan xizmatlar sifati oshirilishi ko‘zda tutilmoqda.
Shuningdek, farmonga muvofiq, 2026 yil 1 dekabrga qadar dispetcherlik boshqaruvi va ma’lumotlarni yig‘ishga mo‘ljallangan zamonaviy dasturiy-apparat kompleksi joriy etilib, elektr tarmoqlarini masofadan boshqarish tizimi yo‘lga qo‘yiladi. Bu esa tizimda yuzaga kelayotgan nosozliklarni tezkor aniqlash va bartaraf etish imkonini yaratadi.

Hujjatda 220–500 kV kuchlanishli 6,9 ming kilometr magistral elektr uzatish tarmoqlari, qo‘shimcha 30 ming MVA quvvatli transformator podstansiyalari, 93 ming kilometr elektr energiyasini taqsimlash tarmoqlari, 804 ta podstansiya va 30 mingta transformator punktlari barpo etish kabi aniq vazifalar belgilab qo‘yilgan. Eng muhim maqsadlardan biri sifatida elektr energiyasini taqsimlash tarmoqlaridagi yo‘qotishlarni bosqichma-bosqich 9 foizgacha qisqartirish nazarda tutilgan.
Ana shu vazifalar ijrosi doirasida Sirdaryo viloyatida ham “Hududiy elektr tarmoqlari” AJ Sirdaryo hududiy filiali tomonidan keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda. Jumladan, Xovos tumanida aholini barqaror va sifatli elektr energiyasi bilan ta’minlash maqsadida umumiy uzunligi 40,8 kilometr bo‘lgan 0,4–10 kVli havo elektr tarmoqlari hamda 7 ta transformator punkti qurilishi rejalashtirilgan.

Ayni paytda tumanning Bunyodkor mahalla fuqarolar yig‘ini hududida 7,7 kilometr uzunlikdagi elektr uzatish tarmoqlarini barpo etish, shuningdek, 3 ta zamonaviy transformator punktini o‘rnatish ishlari jadal sur’atlarda olib borilmoqda.
– Bugungi kunda aholining elektr energiyasiga bo‘lgan talabini to‘liq qondirish va ta’minot barqarorligini ta’minlash eng ustuvor vazifamiz hisoblanadi, – deydi “Hududiy elektr tarmoqlari” AJ Sirdaryo hududiy filialining kapital qurilish masalalari bo‘yicha direktor o‘rinbosari Akmal Haydarov. – Shu maqsadda tarmoqlarni bosqichma-bosqich yangilash, eski infratuzilmalar o‘rnida zamonaviy elektr uzatish liniyalari va transformator punktlarini barpo etish ishlari amalga oshirilmoqda. Bu nafaqat avariya holatlarini kamaytiradi, balki aholi hamda tadbirkorlik sub’ektlari uchun uzluksiz va sifatli elektr ta’minotini ta’minlaydi. Amalga oshirilayotgan ishlar mahallalar kesimida ham ijobiy samara bermoqda. Xususan, aholi murojaatlari sezilarli darajada kamayib, elektr ta’minoti bilan bog‘liq muammolar bosqichma-bosqich bartaraf etilmoqda.


G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri