Davlatimiz rahbarining “2025 yilda aholi bandligini ta’minlash va kambag‘allikni qisqartirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori ijrosini ta’minlash maqsadida joriy yilda Sirdaryo viloyatida 10 ming 80 ta oilani (46 170 nafar aholi) kambag‘allikdan chiqarish maqsadli ko‘rsatkichlari tasdiqlangan. Yanvar-iyul oylari mobaynida 9 ming 207 ta oilaga 15,3 mingta xizmatlar ko‘rsatilib, kambag‘allikdan chiqarishga erishilgan. 44 ta “og‘ir” toifadagi mahallaga suv chiqarish uchun 41,2 mlrd so‘m mablag‘ ajratilgan.
Viloyat hududidagi kambag‘al oilalarning bitiruvchi sinfdagi farzandlarining 313 nafariga oliy ma’lumot olishiga ko‘maklashish bo‘yicha mas’ul oliy ta’lim muassasalari rahbarlariga biriktirilgan. Davlat va xorijiy tillarni hamda kasb-hunar o‘rganish imkoniyatlarini kengaytirish yuzasidan kambag‘al oilalarning 1 ming 349 nafari ingliz tili, elektron tijorat, SMM va Wyeb dizayn yo‘nalishlarida bepul o‘qitilgan.
Bu haqda Oliy Majlis Qonunchilik palatasining Fan, ta’lim, madaniyat, sport va yoshlar masalalari qo‘mitasi hamda Kambag‘allikni qisqartirish borasidagi ishlarning holatini o‘rganish bo‘yicha ishchi guruhining qo‘shma majlisida aytib o‘tildi.
Unda Sirdaryo viloyati misolida davlat va nodavlat oliy ta’lim tashkilotlarida tahsil olayotgan ijtimoiy himoyaga muhtoj fuqarolar uchun yaratib berilayotgan shart-sharoitlar va istiqboldagi rejalar atroflicha muhokama qilindi.
Yig‘ilishda qayd etilganidek, maktabgacha ta’lim bilan qamrab olinmagan 3-6 yoshdagi 1 ming 547 nafar kambag‘al oilalar farzandlarining 837 nafari viloyatdagi davlat va nodavlat maktabgacha ta’lim tashkilotlariga qamrab olingan.
Bugungi kunda viloyatdagi 5 ta kasbiy ta’lim tashkilotlari tomonidan o‘zlariga biriktirilgan 17 ta mahallalardan 562 nafar ishsiz aholini kasb-hunar va tadbirkorlik ko‘nikmalariga o‘qitish bo‘yicha qamrab olingan.
Sirdaryo viloyatida 21 ta kasbiy ta’lim tashkilotlarida 79 ta kasb va mutaxassislik bo‘yicha 8 ming 783 nafar o‘quvchilar ta’lim olmoqda. Ularning 208 nafarida xorijiy tillarni bilish darajadagi sertifikati mavjud. Hozirgi kunda xorijiy til kurslariga jami 247 nafar yoshlar jalb qilingan.
Bundan tashqari, kasbiy ta’lim tashkilotlarida 5 ta yo‘nalishda jami 411 nafar ishsiz xotin-qizlar kasb-hunarga va tadbirkorlik ko‘nikmalariga o‘qitish bo‘yicha qisqa muddatli o‘quv kurslariga jalb etilgan.
Muhokamalarda deputatlar maktabgacha ta’lim tashkilotlarida zamonaviy didaktik o‘quv vositalariga bo‘lgan ehtiyojlar to‘liq qondirilmagani, maktabgacha ta’lim va oliy ta’limga qamrab olinmagan imkoniyati cheklangan bolalarning sifatli ta’lim uchun zarur sharoitlar yaratilmaganini ta’kidladilar.
Malakali kadrlarni hududlarga jalb qilish uchun rag‘batlantirish dasturlari ishlab chiqish, xorijiy tillarni o‘rganish uchun amaliy muhit yaratish, kasb-hunar ta’limini ishlab chiqarish korxonalari bilan integratsiyalash, maktab va kasbiy ta’lim tashkilotlarini zamonaviy jihozlar bilan ta’minlashga qaratilgan taklif va tavsiyalar berildi.
Muhtarama Komilova, O‘zA