Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Sirdaryoda doyalar sharaflandi
13:50 / 2023-05-05

Har bir bolaning tug‘ilishi har qanday insonning, ayniqsa, ayolning hayotida sodir bo‘lishi mumkin bo‘lgan eng go‘zal jarayonlardan biri bo‘lsa, nasl tug‘ilishiga sababchi bo‘lgan, unga munosib xizmat ko‘rsatgan soha xodimi, ya’ni doyalar uchun yanada sharaflidir.

Sirdaryo viloyati perinatal markazida 5 may-xalqaro doyalar kuni munosabati bilan ilmiy-amaliy konferensiya o‘tkazildi. Unda Sirdaryo viloyati sog‘liqni saqlash boshqarmasi boshlig‘ining onalik va bolalikni muhofaza etish bo‘yicha o‘rinbosari Fayzulla Mavlonov, tizimdagi akusherlik komplekslari katta doyalari, tuman tibbiyot birlashmalarining bosh hamshiralari ishtirok etdi.

Ahamiyatli tomoni, o‘tkazilgan ilmiy-amaliy konferensiyada "Zamonaviy akusherlikda uchraydigan asoratlar", "Normal tug‘uruqni olib borish tamoyillari", "Onalarni yashab qolishiga yordam berish, "Tug‘uruqdan keyingi davrda erta qon ketishda birinchi yordam" mavzularida o‘quv-amaliy mashg‘ulotlar o‘tkazildi. Sirdaryo viloyati sog‘liqni saqlash boshqarmasi hamda viloyat perinatal markazining malakali mutaxassislari tomonidan quyi soha vakillari doya va bosh hamshiralarga maslahat va tavsiya berildi.

– Doyalik azaldan e’tiborga loyiq kasblardan biri hisoblanadi, – deydi Sirdaryo viloyati perinatal markazi bosh doyasi Munavvar To‘xtaboyeva. – Boisi u dunyoga kelgan har bir insonning birinchi kunida uning yonida turib, nafaqat onaga, bolaga ham yordam ko‘rsatadi.  

Muhimi, doyalik xatoga yo‘l qo‘yib bo‘lmaydigan, katta sabr va e’tibor talab etuvchi kasblardan biri hisoblanadi. Sirdaryoda xalqaro doyalar kuni munosabati bilan tashkil etilgan va o‘tkazilgan ilmiy-amaliy konferensiya davomida ana shu masalalarga alohida e’tibor qaratilib, soha xodimlari oldida turgan muhim masalalar xususida so‘z yuritildi.

Shundan so‘ng, Sirdaryo viloyati sog‘liqni saqlash boshqarmasi tizimidagi akusherlik komplekslarining bosh doyalariga YUNISEF Xalqaro tashkiloti tomonidan taqdim etilgan o‘quv qo‘llanmalar, sohada fidoyilik namunasini ko‘rsatgan bir guruh doyalarga sana munosabati bilan qimmatbaho esdalik sovg‘alar taqdim etildi.  

Sh. Suyarov,  

O‘zA