Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Sirdaryoda "Covid-19" tashxisi bilan davolanayotgan ayol ona bo‘ldi
11:02 / 2021-12-04

Butun dunyoda bo‘lgani kabi koronavirus pandemiyasi respublikamizda ham davom etmoqda.

 Garchi ushbu virus bilan kasallangan bemorlar soni kundan-kunga kamayayotgan bo‘lsa-da, koronavirus infeksiyasidan aziyat chekayotgan fuqarolarimiz ham yo‘q emas. 
Jumladan, Sirdaryo viloyat yuqumli kasalliklar shifoxonasida tashkil etilgan "Covid-19"  infeksiyasi bilan kasallangan bemorlarni davolashga mo‘ljallangan maxsus shifoxonada homiladorlikning 37-haftasida bo‘lgan Xovos tumani Karvonsaroy mahalla fuqarolar yig‘ini hududida istiqomat qilib kelayotgan 30 yoshli  Sitora Xayrullayeva  ham koronavirus infeksiyasi bilan kasallanib murojaat qildi. 
Bemorning tug‘riq davri yaqinlashib kelganligi, shu kungacha ushbu kasallikka chalingan homilador ayollarga xizmat qilib kelayotgan Yangiyer shahar tibbiyot birlashmasidagi tug‘riq bo‘limi o‘z faoliyatini yakunlaganligi sababli homilador bemorga zaruriy tibbiy yordamni tashkil qilish maqsadida boshqarma boshlig‘i R.Yo‘ldoshev topshirig‘i bilan ishchi guruh tuzildi. 


Ishchi guruh rahbari F.Mavlonov, guruh a’zolari A.Mirzaxanov, A.Azizqulov, B.Tursunov, Yu Mirxonovlar  tomonidan bir kun muddatda sanitar-epidemiologik talablar asosida tug‘riqni qabul qilish va operatsiya amaliyotlarini o‘tkazish uchun barcha zarur tibbiy asbob-uskunalar bilan jihozlangan xonalar tashkil qilindi. 
3 dekabr soat 22:00 larda bemorda tug‘ruq belgilari boshlandi. Viloyat perinatal markazi direktori X.Sodiqova va yetakchi akusher ginekologlar M.Mirzaqulova, Sh.Xojiyevalar bemorni ko‘rikdan o‘tkazishdi va tug‘ruqni qabul qilib olish uchun tayyorgarlikni boshlab yuborishdi.
Chamasi 2 soat davom etgan jarayonlardan so‘ng bemorning ahvoli og‘irlashayotgani, tabiiy tug‘riq imkoni yo‘qligi, zudlik bilan bemorni operatsiyaga olish kerakligi to‘g‘risida xulosaga kelindi. Bemor operatsiya xonasiga o‘tkazildi. Shu paytda onaning ham, bolaning hayoti xavf ostida edi. Biroq oliy toifali reanimatolog N.Nurullayev boshchiligidagi tajribali anesteziolog-reanimatologlar A.Botirov, U.Xudoyberdiyevlar ishga kirishdi va kesarcha qirqish amaliyotini bajarib, sog‘lom qizaloq dunyoga keldi. 
Hozir ona ham, bola ham shifoxonaning reanimatsiya bo‘limida shifokorlar nazoratida davo muolajalarini davom ettiryapti.
Chaqaloqning otasi A.Xayrullayev barcha shifokorlarga minnatdorchilik bildirdi. 
Yangi tug‘ilgan chaqaloqqa tojli virus balosini yengib, dunyo yuzini ko‘rganligi tufayli “Tojixon” deb ism qo‘yishlarini aytishdi. 

G‘ulom PRIMOV, 
Sirdaryo viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasi axborot xizmati