Joriy yilning 1 aprelidan Sirdaryo viloyati markazida, Guliston shahar aholisi uchun mavjud “COVID-19” infeksiyasiga qarshi 9 ta emlash punktida fuqarolarni emlash ishlari boshlanadi.
Ushbu punktlar orqali amalga oshirilayotgan emlash jarayonida Guliston shahrida istiqomat qiluvchi (birinchi navbatda) 65 yoshdan oshgan fuqarolar, tibbiyot xodimlari, 18 yoshdan 65 yoshgacha surunkali kasalliklari bor bo‘lganlar, o‘qituvchilar, maktabgacha ta’lim tashkilotlari, qurolli kuchlar va huquqni muhofaza qilish organlari, davlat xavfsizlik xizmati, mudofaa boshqarmasi, IIB, Milliy gvardiya, favqulodda vaziyatlar hamda viloyat bojxona boshqarmalari xodimlari emlanadi.
Viloyat bo‘yicha jami emlanadigan fuqarolar soni 101 ming 445 nafarni tashkil etadi. Viloyatga keltirilgan 2 xil turdagi vaksina ya’ni koronavirusga qarshi “AstraZeneca” (Hindiston) vaksinasi 2 bosqichda va “ZF-UZ-VAS-2001” (Xitoy) vaksinasi esa 3-bosqichda emlanishi tashkil etiladi.
Emlash ishlari mutlaqo bepul. Vaksina tanlash yo‘li orqali immunizatsiya jarayoni boshlanadi.
Viloyat sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi boshqarmasining OAV va jamoatchilik bilan ishlash bo‘limi, barcha sirdaryoliklarga murojaat qilib, kasallik bilan kasallanib, uning og‘ir asoratlarini o‘tkazgandan ko‘ra, uning oldini olish afzalroq ekanini ta’kidlamoqda.
A.Qayumov, O‘zA