Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Sirdaryoda bo‘sh ob’ektlar yuzasidan qat’iy talab qo‘yildi
22:36 / 2026-01-14

Sirdaryo viloyati hokimi Erkinjon Turdimov raisligida bo‘lib o‘tgan navbatdagi yig‘ilishda viloyatda bo‘sh turgan davlat ko‘chmas mulk ob’ektlari hamda yer uchastkalaridan samarali foydalanish masalalari tanqidiy va tahliliy muhokama qilindi.

Yig‘ilish avvalida viloyat rahbari Bo‘sh turgan har bir ob’ekt — bu yo‘qotilgan ish o‘rni, ishlamay turgan iqtisod va amalga oshmagan va’da demakdir. Agar biror ob’ekt bir yil, ikki yil, hatto uch yil davomida sotilmay turgan bo‘lsa, buni “bozor” degan bitta so‘z bilan yopib bo‘lmaydi. Demak, kimdir bu ishni oxirigacha qilmagan, kimdir mas’uliyatni o‘z zimmasiga olmagan deya ta’kidladi.

Xususiylashtirish dasturlari doirasida belgilangan rejalar bajarilgani bilan birga, ayrim davlat aktivlari uzoq vaqtdan beri auksion savdolarida sotilmasdan kelayotgani ham tanqid qilindi.

Xususan, Mirzaobod tumanida joylashgan “Guliston 2535-sonli avtojamlanmasi” MCHJ hamda “Best Xarvest Garden” MCHJning davlat ulushlari baholangan narxlari sezilarli darajada pasaytirilganiga qaramasdan, bir yildan ortiq vaqt mobaynida sotilmagan. Bunday holat Sirdaryo tumanida ham kuzatilayotganligi ta’kidlandi.

Yig‘ilishda noqishloq yer uchastkalarini auksion savdolariga chiqarish holati ham tahlil qilindi. Viloyat bo‘yicha umumiy ko‘rsatkichlar ijobiy bo‘lsa-da, ayrim tumanlarda yerlar 6 oydan ortiq vaqt davomida sotilmasdan qolib ketayotganligi tanqid qilindi. Har bir ob’ektni tayyor loyiha shaklida auksionga chiqarish bo‘yicha ko‘rsatma berildi.

– Narxni tushirdik, bo‘ldi degan gap yo‘q. Arzon bo‘lsa ham tadbirkorga qiziq bo‘lmasa, tadbirkor sotib olmaydi, –  dedi viloyat rahbari.  –    U pulni bekorga sarflamaydi. Avvalo qaraydi: yo‘li bormi, suvi bormi, toki bormi, ishchi topiladimi. Shu narsa yo‘q bo‘lsa, narxni yarimiga tushirsang ham foyda bermaydi. Shuning uchun ob’ektni tayyor holda — loyihasi, hisob-kitobi va tayyor biznes-rejasi bilan  sotuvga chiqarish kerak.

–  Ayrim rahbarlar uchun ob’ekt sotilishi — jarayon, natijasi esa ikkinchi darajali masala bo‘lib qolayapti. Bizga yer sotildi, bino sotildi degan hisobot kerak emas. Bizga u yerda ish qaynash kerak. Odamlar ertalab ishga borib, kechqurun oylik olib uyiga qaytishi kerak. Mana natija. Ana shunda aholining kayfiyati ham, turmushi ham yaxshilanadi. Prezidentimizning talabi ham shu. Oldimizga qo‘yilgan vazifa ham shu. Har bir rahbar o‘z hududidagi har bir ob’ekt uchun javobgarlikni his qilishi kerak. Bu mening ishim emas degan gap endi o‘tmaydi, – dedi Erkinjon Turdimov.

Yig‘ilish yakunida mas’ullarga aniq topshiriqlar berildi. Uzoq vaqtdan beri sotilmayotgan har bir ob’ekt bo‘yicha alohida tahlil olib borish, infratuzilma masalalarini hal qilish, tayyor biznes-takliflar ishlab chiqish va eng muhimi — shaxsiy javobgarlikni kuchaytirish vazifasi belgilandi.

G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri