Afg‘oniston poytaxti Qobul shahrida “Sirdaryoda biznes qiling!” shiori ostida o‘tkazilgan xalqaro biznes-forum O‘zbekiston–Afg‘oniston o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy hamkorlikni yanada mustahkamlash yo‘lida muhim qadam bo‘ldi.

Mazkur tadbirda Sirdaryo viloyati hokimi Erkinjon Turdimov boshchiligidagi delegatsiya, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasining Afg‘onistondagi Favqulodda va muxtor elchisi Oybek Usmonov, Afg‘oniston Islom Amirligining Sanoat va savdo vaziri Nuriddin Aziziy, Afg‘oniston Savdo va investitsiyalar palatasi raisi Said Karim Hoshimiy, Afg‘oniston iqtisodiyot vaziri o‘rinbosarlari hamda afg‘onistonlik yirik tadbirkorlar qatnashishdi.

Tadbir davomida Sirdaryo viloyatining investitsiyaviy salohiyati, sanoat zonalari, eksportga yo‘naltirilgan mahsulotlari va qo‘shma loyihalar uchun yaratilgan qulay shart-sharoitlar taqdim etildi.Shu bilan birga, afg‘onistonlik ishbilarmonlar uchun Sirdaryo hududida biznes yuritish imkoniyatlari batafsil yoritib berildi.
Forum doirasida tadbirkorlar o‘rtasida samarali B2B formatdagi uchrashuvlar, shuningdek, davlat idoralari va biznes vakillari ishtirokida G2B muzokaralari tashkil etildi. Bu esa aniq loyihalar va amaliy kelishuvlarga zamin yaratdi.

Biznes-forum yakunida umumiy qiymati 300 million AQSH dollariga teng eksport va import shartnomalariga erishildi.
Ushbu kelishuvlar oziq-ovqat mahsulotlari, un va don, tekstil, qurilish materiallari, kimyo sanoati hamda boshqa istiqbolli sohalarni qamrab oldi.

Asosiysi, mazkur forum O‘zbekiston, xususan, Sirdaryo viloyatining qo‘shni davlatlar bilan o‘zaro manfaatli iqtisodiy aloqalarni kengaytirish, yangi bozorlarga chiqish va hudud iqtisodiyotini yanada rivojlantirishga qaratilgan izchil siyosatining amaliy ifodasi bo‘ldi.
G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri