Spanish
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Sirdaryoda bittagina
13:12 / 2021-10-04

Sirdaryo viloyati Sayxunobod tumanilik Shoiraxon Shamatovani uch-to‘rt yil oldin tumandagilar yaxshigina tadbirkor sifatida tanir edi.

G‘ayrati jo‘sh urgan ayol, yerga mehri o‘zgachaligi sabab o‘zi ancha yillardan buyon orzu qilib yurgan “Olimjon qizi Shoiraxon” fermer xo‘jaligini tashkil qilib, dastlab 120 gektar yerda dexqonchilik qila boshladi. Otasi Olimjon akaning “dehqonchilik eng halol, eng savobli mehnat turi”, deb aytgan o‘gitlariga amal qilib astoydil ter to‘kib mehnat qildi. Agrotexnik qoidalariga amal qilib, qishni qish, yozni yoz demay qilgan mehnatlari zoye ketmay paxta va g‘alla rejalarini ortig‘i bilan bajarib, el nazariga tushdi. Bu orada fermerning dala maydoni 200 gektarga kengaydi. O‘tgan yili hukumatimiz tomonidan paxtani paxta terish mashinalari bilan qisqa fursatlarda terib olish masalasi ko‘tarilganda, hech ikkilanmay ATB Agrobankning Sayxunobod tumanidagi filialidan 1 mlrd. 300 mln. kredit olib, SE-220 markali paxta terish mashinasini sotib oldi. Qisqa fursatlarda “po‘lat ot”ning sir-asrorlarini o‘rganib, rulga o‘zi o‘tirdi. Biz Shoiraxonni yo‘qlab uning fermer xo‘jaligiga borganimizda uni “po‘lat ot”ida paxta terayotgan qizg‘in pallada uchratdik.

– Shoiraxon, bu ulkan mashinani boshqarish ayol kishiga og‘irlik qilmaydimi, – deb so‘raymiz undan.

– Aslo, – deydi Shoiraxon Shamatova. – Yoshligimdan yengil avtomashina boshqarib yurganligim bois bu konbaynni juda tez o‘zlashtirib oldim, bu mashina ilgarigi mashinalardan osmon bilan yercha farq qiladi. Uning barcha uskunalari aniq va puxta ishlangan. Ruli yengil aylanadi. Kuniga po‘lat otda 10-11 tonna paxta terayapman. O‘tgan yili mavsumda 120 tonna paxta tergan edim, bu yil 200 tonnani mo‘ljallab turibman. Daladagi paxtalarni terimchi olmay 100 foiz mashinamda terib olishga ahd qilganman. O‘tgan kuni 34 sentenerdan hosildorlikka erishib yillik paxta rejamni bajardim. Hali dalada paxta ko‘p. Bu yil 700 mln. daromad qilishni ko‘zlab turibman.

– Shoiraxon o‘zining fidokorona mehnatlari tufayli so‘nggi yillarda nafaqat tumanda, balki viloyatda ham ilg‘or fermerlar safida bormoqda, – deydi Sayxunobod tumani hokimining qishloq xo‘jaligi masalalari bo‘yicha o‘rinbosari Akmal Qultoyev. – Ayniqsa, paxta terish mashinasini boshqarib, kuniga 10 tonnadan ziyod oq oltin terib, viloyat ayollarining havasini uyg‘otmoqda. U hozirgi kunning zamonaviy ayol fermeri. Bir so‘z bilan aytganda, Sirdaryoda bittagina ayol mexanizator.

Fermer ayol oila va farzandlari xususida shunday deydi.

– Oila muqaddasdir, u albatta birinchi o‘rinda, – deydi Sh.Shamatova. – Dala yumushlarimda, farzandlar tarbiyasida menga eng katta ko‘makchim va suyanchim umr yo‘ldoshimdir. Ikki o‘g‘il, ikki qizni voyaga yetkazayapmiz. To‘ng‘ich o‘g‘lim – Oybekjon Toshkent Davlat Texnika universitetining 2-bosqich talabasi. Qizim Shahrizoda tuman markazidagi 6-umumta’lim o‘rta maktabining 10-sinfida o‘qiydi, sportning Taekwon-do turi bilan shug‘ullanadi. U 7 karra O‘zbekiston chempioni. 2015 yil Malayziyada, 2017 yil Tailandda bo‘lib o‘tgan xalqaro musobaqalarda mutlaq g‘oliblikni qo‘lga kiritib 2 karra Jahon chempioni bo‘lgan. Farzandlarim yurtimiz kelajagi, taraqqiyoti uchun o‘z hissasini qo‘shishi uchun biz ham mehnat qilamiz.

Shuhrat Suyarov, Furqat Toshmatov (surat), O‘zA