Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Sirdaryoda “Besh tashabbus olimpiadasi” ning yangi mavsumiga start berildi
15:42 / 2025-09-15

Sirdaryo viloyatida yoshlarning sportga qiziqishini oshirish, sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish hamda ularning iqtidor va iste’dodini rivojlantirishga qaratilgan “Besh tashabbus olimpiadasi” ning 2025 yilgi mavsumiga start berildi.

Guliston shahridagi 15-sonli umumta’lim maktabida bo‘lib o‘tgan "Besh tashabbus olimpiadasi" ning ochilish marosimida viloyat Sport boshqarmasi, Maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi, Mahallalar uyushmasi, Yoshlar ishlari agentligi viloyat boshqarmasi rahbarlari va mas’ullari, jismoniy tarbiya o‘qituvchilari, murabbiylar hamda o‘quvchilar ishtirok etishdi.

Marosimga bir vaqtning o‘zida Toshkent shahridagi markaziy studiya orqali mamlakat miqyosida onlayn start berildi. Unda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining sport bo‘yicha vakili Odil Abduraxmonov, Sport vaziri Adham Ikromov, Maktabgacha va maktab ta’limi vaziri E’zozaxon Karimova, O‘zbekiston mahallalari uyushmasi raisi Qahramon Quronboyev va Yoshlar ishlari agentligi direktori Alisher Sa’dullayevlar ishtirok etishdi.

 Ular yoshlar orasida sog‘lom turmush tarzini ommalashtirish va yoshlarning qiziqishlarini qo‘llab-quvvatlashda mazkur olimpiadaning ahamiyati haqida to‘xtalib, uni yangi iste’dodlarni kashf qilish maydoni sifatida e’tirof etishdi.

– “Besh tashabbus olimpiadasi” yosh avlodning sportga bo‘lgan intilishlarini rivojlantiradi, ularda sog‘lom raqobat va do‘stona muhitni shakllantiradi va shu orqali ularning har tomonlama kamol topishiga xizmat qiladi, – deydi viloyat Sport boshqarmasi boshlig‘i Anvar Bo‘ronov.

Tadbir doirasida o‘quvchilar sportning turli yo‘nalishlarida bellashish imkoniyatiga ega bo‘ldilar. Olimpiada nafaqat yoshlarning sog‘lig‘ini mustahkamlash, balki ularning bo‘sh vaqtlarini mazmunli o‘tkazish, iqtidorini namoyon etish va katta sportga yo‘l ochishda muhim ahamiyat kasb etmoqda.

Har yili muntazam o‘tkazib kelinayotgan mazkur olimpiada orqali Sirdaryo viloyatida ham sport bilan shug‘ullanuvchi bolalar soni ortib, yangi iqtidorlar kashf etilmoqda. Bu esa Prezident ilgari surgan besh muhim tashabbusning hayotga tatbiq etilayotganining yorqin ifodasi sifatida ahamiyatlidir.

G‘ulom Primov, O‘zA