Aholi orasida nosog‘lom turmush tarzi, zararli odatlar tufayli yurak, qon-tomir tizimi bilan bog‘liq kasalliklar ko‘rsatkichi ortgan.
Kasallikning oldini olish, aholi orasida sog‘lom turmush tarzini yo‘lga qo‘yish uchun soha xodimlari tushuntirish-targ‘ibot tadbirlarini olib bormoqda.
Respublika ixtisoslashtirilgan kardiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi Sirdaryo filialiga mobil shifokorlar guruhi tashrif buyurdi.
Ular sirdaryolik kardiologlar bilan birgalikda viloyatning Mirzaobod va Xovos tumanlarida bo‘lib, yurak qon-tomir tizimida muammosi bor aholi vakillari bilan uchrashdi. Ular uchun sog‘liqni saqlash tizimining birlamchi bo‘g‘ini hisoblangan Oilaviy poliklinikalarda skrining tekshiruvlari tashkil etilib, aholi chuqurlashtirilgan tekshiruvdan o‘tkazildi.

Markaz mutaxassislari tomonidan birlamchi bo‘g‘in shifokorlari uchun yurak qon-tomir kasalliklarini erta aniqlash, davolash va diagnostika qilish, bemorlarni kasallik darajasiga qarab manzilli davolash, bemorlarni elektron yo‘llanma orqali filial va markazga yo‘naltirish, tibbiy sug‘urta jamg‘armasi orqali moliyalashtirish masalalari bo‘yicha davra suhbatlari tashkil etildi.
Sirdaryolik kardiologlar uchun "Sirdaryo viloyatida yurak ishemik kasalliklarini tashxislash va davolashda yuqori texnologik usullarni joriy etish" mavzusida mahorat darsi ham tashkil etildi.
Mahorat darsi jarayonida 10 nafar ambulator bemor tibbiy ko‘rikdan o‘tkazilib, ularni davolash bo‘yicha soha xodimlariga tavsiya ham berildi. 4 nafar bemorda diagnostik koronarografiya amaliyoti, 2 nafar, o‘tkir miokard infarktini o‘tkazgan bemorlarda toj tomirlarini stentlash amaliyoti o‘tkazildi. Amaliyotlar asoratsiz, klinik va yaxshi angiografik natija bilan bajarildi.
So‘ng, markaz filialida kengaytirilgan yig‘ilish o‘tkazilib, sog‘lom turmush tarzi, uning salbiy omillari, yurak qon-tomir tizimi bilan bog‘liq kasalliklarni kamaytirishdagi o‘rni, yurak, qon-tomir kasalliklari bilan og‘rigan bemorlarni tashxislash va davolash, kasalliklarni birlamchi va ikkilamchi profilaktikasiga doir masalalar muhokama etildi.
Sh.Suyarov, O‘zA