Sirdaryoda joriy yil 1-yarmi davomida aholi bandligini ta’minlash borasida amalga oshirilgan ishlar yuzasidan matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi.
Unda viloyat bandlik bosh boshqarmasi boshlig‘i Murod Muhammadiyev va uning o‘rinbosarlari, bo‘lim boshliqlari, tuman va shahar Aholi bandligiga ko‘maklashish markazlarining direktorlari, viloyat Davlat mehnat inspeksiyasi, Tashqi mehnat migratsiyasi agentligining viloyat filiali hamda vazirlik tasarrufidagi Guliston «Ishga marhamat» monomarkazi, Sayxunobod, Oqoltin va Xovos kasb-hunarga o‘qitish markazlari rahbarlari ishtirok etdi.

Yangi O‘zbekistonda inson qadrini ulug‘lash, insonlarning huquq va erkinliklari, qonuniy manfaatlarini ta’minlash barcha sohalarda amalga oshirilayotgan islohotlarning ustuvor yo‘nalishiga aylandi. Inson qadri va uning manfaatlari haqida so‘z ketar ekan bandlik masalasi muhimdir.
Anjumanda mamlakatimizda aholi bandligini ta’minlash bo‘yicha tasdiqlangan dasturlar haqida so‘z bordi.
Aholini bo‘sh va kvotalanadigan ish o‘rinlariga ishga joylashtirish mexanizmlarini takomillashtirish, o‘zini o‘zi band qilishning samarali shakllarini rivojlantirish borasida ta’sirchan chora-tadbirlar ko‘rilmoqda. Fuqarolarning tadbirkorlik tashabbuslarini rag‘batlantirish, ijtimoiy zaif qatlamlar bandligini ta’minlash bo‘yicha davlat xizmatlaridan foydalanish imkoniyati, sifati va tezkorligini oshirishga qaratilgan bir qator normativ-huquqiy hujjatlar qabul qilindi.

Qayd etilishicha, 2022 yilning 1 yarim yilligida tuman (shahar) Bandlikka ko‘maklashish markazlari tomonidan ish so‘rab murojaat qilgan 31 871 nafar fuqaroning 7 382 nafari (23,2 foizi) ishga joylashtirilgan. Ishga joylashtirilganlarning katta qismi Boyovut tumani (1 181 nafar), Sirdaryo tumani (1 130 nafar), Guliston shahri (888 nafar) va Xovos tumani (787 nafar) hissasiga to‘g‘ri kelmoqda.
Bunda asosiy e’tibor “Yoshlar daftari”, “Ayollar daftari” hamda “Temir daftar”ga kiritilgan ishsiz fuqarolar, muddatli harbiy xizmatdan bo‘shatilgan va chet eldan qaytgan fuqarolarni ishga joylashtirishga alohida e’tibor qaratilmoqda.

Hisobot davrida, Bandlikka ko‘maklashish markazlari tomonidan chet davlatlardan qaytib kelgan 6 658 nafar yurtdoshimizning 4 914 nafari (73,8 foiz) qurilish, obodonlashtirish, xizmat ko‘rsatish va servis sohalariga ishga joylashtirilgan.
O‘zini o‘zi band qilib tadbirkorlik faoliyatini boshlamoqchi bo‘lgan 823 nafar ishsiz fuqaroga mehnat qurollari, tomorqa yer egalariga yengil konstruksiyali issiqxona o‘rnatish, urug‘liklar, ko‘chatlar va sug‘orish vositalari xarid qilish uchun 1,4 mlrd. so‘mlik davlat subsidiyalari ajratilgan.
O‘tgan davr mobaynida boshqarma va uning hududiy markazlari tomonidan 68 ta bo‘sh ish o‘rni yarmarkasi o‘tkazilgan bo‘lib, unda 1 465 ta korxona va tashkilotlar o‘zlarida mavjud 11 751 ta bo‘sh ish o‘rni bilan qatnashgan. Yarmarkalar doirasida 1 332 nafar fuqaroga ishga joylashishi uchun yo‘llanmalar berilgan bo‘lsa, 4 298 nafariga mehnat qonunchiligi bo‘yicha huquqiy maslahatlar berilgan.
Sh.Suyarov, F.Toshmatov(surat), O‘zA