Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Sirdaryoda 8,5 ming gektarga yaqin paxta maydonlari tomchilatish usulida sug‘orilyapti
16:37 / 2021-08-16

Sug‘oriladigan yer maydonlarida zamonaviy, suv tejovchi texnologiyalarni joriy etish va shu asosida suvdan oqilona foydalanish muhim masalalardan biriga aylanmoqda.

 Shu bois mamlakatimizda zamonaviy sug‘orish tizimlarini amaliyotga tatbiq etish, tomchilatib sug‘orish texnologiyalarini joriy etishga alohida e’tibor qaratilmoqda.  

Suv xo‘jaligi vaziri Sh.Hamroyev Sirdaryo viloyatida bo‘lib, bu borada olib borilayotgan ishlar bilan tanishdi. Jumladan, Sirdaryo tumanida O‘zbekiston-Xitoy qo‘shma korxonasi shaklidagi MCHJ tasarrufidagi dala maydonlarida o‘tkazilgan “Qishloq xo‘jaligi yo‘nalishida bugungi kunda sug‘orish tizimidagi tomchilatib sug‘orish usulining afzalliklari” mavzuidagi ko‘rgazmali seminarda qatnashdi.  

Seminarda suv xo‘jaligi vaziri yurtimizda davlatimiz rahbari tashabbusi bilan olib borilayotgan islohotlar, bunyodkorlik ishlari hamda yangi investitsiya loyihalarini suv xo‘jaligida keng tatbiq etish haqida so‘z yuritdi. Suvchilar va fermerlarga suv olishni tartibga solish, obihayotni tejab ishlatish, tomchilatib va yomg‘irlatib sug‘orish joriy etilgan maydonlarni kengaytirish bugungi kunning talabi ekanligini, vazirlik bu borada ularga amaliy yordam berishga tayyorligini ta’kidladi.

O‘zbekiston Respublikasi Suv xo‘jaligi vazirligi matbuot xizmati tomonidan ma’lum qilinishicha, joriy yilda Sirdaryo viloyatida 12 ming 326 gektar yer maydonida tomchilatib sug‘orish, 100 gektar paxta maydonida pulsar sug‘orish texnologiyasini joriy etish hamda 17 ming 924 gektar maydonni lazerli tekislash rejalashtirilgan edi. Klaster va fermer xo‘jaliklari bilan pudrat tashkilotlari o‘rtasida 17 ming 422 gektar maydonga suv tejovchi texnologiyalarni qurish bo‘yicha shartnomalar rasmiylashtirildi. Shundan 13 ming 644 gektarini tomchilatib sug‘orish, 120 gektarini yomg‘irlatib sug‘orish tashkil etadi. 3 ming 658 gektar maydonda esa diskret sug‘orish texnologiyasini joriy etish ko‘zda tutilgan.  

Ayni paytda viloyatda 15 ming 526 gektar maydonda texnologiyalarni qurish uchun jami 281 milliard so‘m miqdoridagi mablag‘lar moliyalashtirilgan. Pudrat tashkilotlari tomonidan 15 ming 512 gektar maydonda qurilish ishlari boshlangan. Qurilish yakunlangan 8 ming 383 gektar paxta maydonlari tomchilatish usulida sug‘orilyapti. Dastlabki bosqichda kerakli hujjatlari taqdim etilgan 1 ming 206 gektar paxta maydoni uchun 10,021 milliard so‘m miqdorida subsidiya mablag‘lari klaster va fermer xo‘jaliklarining hisob raqamlariga o‘tkazib berildi.

Suv xo‘jaligi vaziri Xovos tumanidagi Ulug‘bek Yo‘ldoshev rahbarlik qilayotgan “Sayxun” fermer xo‘jaligining paxta dalasida ham bo‘lib, xovoslik fermerlar bilan suhbatlashdi. Ulug‘bek Yo‘ldoshev viloyatda birinchilardan bo‘lib, suv tejovchi texnologiyalarni o‘z ekin maydoniga o‘rnatgan izlanuvchan tadbirkor-fermer. U ikki yildan buyon g‘o‘za sug‘orishni qo‘l telefoni orqali amalga oshiradi. Bu esa ko‘pchilik fermerlarning qiziqishini uyg‘otdi.  

Vazir fermer xo‘jaligining faoliyati bilan yaqindan tanishib, o‘z tavsiyalarini berdi.

Muhayyo Toshqorayeva, O‘zA