French
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Sirdaryoda 8,5 ming gektar yerda sho‘rlanish kamaydi
12:17 / 2025-10-09

Guliston shahrida Quyi Sirdaryo irrigatsiya tizimlari havza boshqarmasi huzuridagi Sirdaryo meliorativ ekspeditsiyasida matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi.

Unda yerlarning meliorativ holatini yaxshilash, kollektor-drenaj tarmoqlari va quduqlardan samarali foydalanish, ularning holatini muntazam nazorat qilish masalalari atroflicha muhokama qilindi. Anjumanda markaziy va mahalliy ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etishdi.

Tadbirda ma’lum qilinishicha, joriy yilda yerlarning sho‘rlanish darajasini aniqlash maqsadida 19 ming 893 ta dinamik nuqtadan 58 ming 500 ta tuproq namunasi tahlil etilgan. Tekshiruvlar natijasida 13,7 ming gektar yer umuman sho‘rlanmagan, 219,1 ming gektari kam sho‘rlangan, 50,7 ming gektari o‘rta va 3,4 ming gektari kuchli sho‘rlanganligi ma’lum bo‘ldi. Aniq raqamlarga asoslangan sho‘rlanish xaritalari tayyorlanib, ular asosida maqsadli chora-tadbirlar ishlab chiqildi.

Meliorativ ekspeditsiya mutaxassislarining qayd etishicha, viloyat bo‘ylab 2 239 ta meliorativ kuzatuv quduqlari orqali yer osti suvlari sathi va ularning minerallashuv darajasi muntazam o‘lchab boriladi. Har o‘n kunda maxsus byulleten tayyorlanib, vazirlik va havza boshqarmasiga yuboriladi.

So‘nggi yillarda tizimni zamonaviylashtirishga katta e’tibor qaratilmoqda. Xususan, Boyovut, Sayxunobod va Sirdaryo tumanlarida quduqlarga zamonaviy “Diver” uskunalari o‘rnatilib, yer osti suvlari sathini onlayn rejimda kuzatish yo‘lga qo‘yildi. Joriy yilning o‘zida o‘rnatilgan 68 ta uskunaning 38 tasi to‘liq integratsiya qilingani qayd etildi.

Shuningdek, 315 kilometr ochiq zovurlar tozalandi va tiklandi, 180 kilometr yopiq drenaj tarmoqlari ta’mirlandi. 200 ta tik quduq qayta ta’mirlandi, yana 100 ta yangi “Diver” uskunasi o‘rnatildi.

Amalga oshirilgan keng qamrovli meliorativ chora-tadbirlar natijasida 8,5 ming gektarda o‘rta va kuchli sho‘rlanish darajasi pasaydi. Shuningdek, 10,9 ming gektarda sizot suvlar sathi ikki metrdan pastga tushirildi, 21,2 ming gektarda yerlarning meliorativ holati barqarorlashdi.

Hozirgi kunda viloyatda 16 ming kilometrdan ziyod kollektor-drenaj tarmoqlari faoliyat ko‘rsatmoqda. Davlat dasturlari va yirik investitsiya loyihalari asosida ularni rekonstruksiya qilish, samarali ishlatish va suv balansi ustidan nazoratni kuchaytirish ishlari bosqichma-bosqich amalga oshirilmoqda.

– Yerlarning meliorativ holati qishloq xo‘jaligida yuqori hosildorlikka erishish uchun hal qiluvchi omil hisoblanadi. Bu yil amalga oshirilgan ishlar natijasida paxta va don hosili ko‘payishi uchun mustahkam zamin yaratildi, – dedi matbuot anjumanida Quyi Sirdaryo irrigatsiya tizimlari havza boshqarmasi huzuridagi Sirdaryo meliorativ ekspeditsiyasi boshlig‘i o‘rinbosari Bobur Anvarov.

Anjumanda jurnalistlar sohaga oid dolzarb savollariga mutaxassislardan atroflicha javob oldilar. Suhbat jarayonida jamoatchilikni qiziqtirgan eng muhim masalalar ochiq va asosli tarzda yoritildi.

G‘ulom Primov, O‘zA