Sirdaryoda 8-Sirdaryo okrug komissiyasining navbatdagi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Komissiya raisi P.Axmedjanova boshqargan tadbirda referendum o‘tkazuvchi uchastkalarni tuzish masalasi ko‘rib chiqildi.
O‘zbekiston Respublikasining "O‘zbekiston Respublikasi Referendumi to‘g‘risida" gi qonunida Referendum uchastkalari tumanlar, shaharlar hokimlarining, harbiy qismlarda qismlar yoki harbiy qo‘shilmalar komandirlarining taqdimnomasiga binoan referendum o‘tkazuvchi okrug komissiyalari tomonidan tuzilishi belgilab qo‘yilgan.
Referendum uchastkalari tumanlar, shaharlar, shaharlardagi tumanlarning chegaralari inobatga olinib, referendumda ishtirok etish huquqiga ega bo‘lgan fuqarolarga ko‘proq qulaylik yaratish uchun tuzilishi belgilangan. Shuningdek, harbiy qismlar, kasalxona va sanatoriylar, boshqa statsionar davolash muassasalarida, qamoqda saqlash va ozodlikdan mahrum etish joylarida, borish qiyin bo‘lgan uzoq hududlardagi aholi punktlarida ham tashkil etiladi.

Shunga ko‘ra, taqdim etilgan taqdimnomalar asosida viloyatda 287 ta referendum uchastkasi tashkil etishga qaror qilindi.
Okrug hududidagi referendum uchastkalarining 207 tasi umumiy o‘rta ta’lim maktablarida, 23 tasi kollej, litsey va texnikumlarda, 5 tasi mahalla fuqarolar yig‘inlarida, 5 tasi tibbiyot muassasalari, sanatoriy va dam olish maskanlarida, 2 tasi oliy o‘quv yurtlari binolarida, 9 tasi davlatga qarashli korxona va tashkilotlarda, 4 tasi adliya, davlat xizmatlari, 28 tasi madaniyat va sport markazlarida, 4 tasi harbiy qism va ozodlikdan mahrum etish muassasalariga qarashli binolarida faoliyat yuritadi.
Uchastkalar ro‘yxati viloyatdagi ommaviy axborot vositalarida e’lon qilinadi. Yig‘ilishda okrug faoliyati bilan bog‘liq boshqa masalalar ham ko‘rib chiqildi. Muhokama etilgan masalalar yuzasidan tegishli qarorlar qabul qilindi.
Sh.Suyarov, O‘zA