Sirdaryo viloyati paxtakorlari tomonidan 75 ming 500 gektar yer maydonida paxta xom ashyosini ekib, 273 ming 173 tonna paxta tayyorlash uchun puxta zamin hozirlandi.
“O‘zagroinspeksiya”ning Sirdaryo viloyat boshqarmasi va tumanlar bo‘limlari tomonidan yetishtirilayotgan paxta xom ashyosini o‘z vaqtida va sifatli yig‘ishtirib olishni ta’minlash maqsadida nazorat tadbirlari o‘tkazib kelinmoqda. Joylarda bu borada amalga oshirilayotgan tadbirlar kunlik monitoring qilib borilmoqda.
Sirdaryo viloyatida 2022 yil hosili uchun yetishtirilayotgan paxta xom ashyosini o‘z vaqtida va sifatli yig‘ishtirib olish maqsadida tayyorgarlik ishlari har yilgidan ancha barvaqt boshlandi.
– Joriy yilda paxta yig‘im-terim mavsumida qatnashadigan 200 ta zamonaviy, shundan 196 ta yuqori unumli va 4 ta MX-1,8 paxta terish mashinalarini mavsumga hozirlash uchun ishchi guruhi tomonidan tegishli tadbirlar bajarilmoqda, – deydi “O‘zagroinspeksiya”ning Sirdaryo viloyat boshqarmasi katta inspektori Abdulatif Qosimov. – Bundan tashqari, mavsumda 913 dona traktor va 1 ming 490 dona tirkamalar to‘liq texnik ko‘rikdan o‘tkazilib, shay holatga keltirildi.
Xususan, Sayxunobod tumani paxtakorlari tomonidan 10 ming gektar maydonda chigit ekilib, 40 ming tonna paxta xom ashyosi olish rejalashtirilgan.
Ayni paytda tumandagi “POLY TEX SIRDARYO” mas’ulyati cheklangan jamiyati paxtachilik klasteri va fermer xo‘jaliklari tomonidan yetishtirilgan hosilni yig‘ishtirib olishga qizg‘in hozirlik ko‘rilmoqda. Paxta hosilini qisqa kunlarda tez va sifatli yig‘ib-terib olish uchun jami 37 zamonaviy paxta terish mashinasi, 180 dona traktor va 210 dona tirkama dislokatsiya manzilgohiga yig‘ilib, mavsumiy texnik ko‘rikka jalb qilingan.
Paxta terish mavsumida qatnashayotgan mazkur qishloq xo‘jaligi texnikalari shay holatga keltirilishi va mavsumiy texnik ko‘rikdan o‘tkazilishi doimiy nazoratga olingan.
Sh.Suyarov, O‘zA